Tixanovskaya Baydendan so‘ng Buyuk Britaniya Bosh vaziri bilan uchrashdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Londonda Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashdi. Bu haqda TASS xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Dauning-stritda bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Jonson “Belarusda fuqarolik jamiyati va demokratiyani” qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

“Biz, albatta, siz tarafdamiz. Siz qilayotgan ishni faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizni ko‘rganimdan xursandman”, degan Jonson Tixanovskayaga murojaat qilib. 

O‘z navbatida, Tixanovskaya Jonson bilan uchrashuv “iliq muhitda” o‘tganini aytgan. 

“Dunyoning eng nufuzli davlatlaridan biri Belarusni qo‘llab-quvvatlayotganini bilish juda muhim”, degan u. 

Tixanovskaya, shuningdek, o‘zi va Britaniya Bosh vazirini “umumiy demokratik qadriyatlar” birlashtirib turishini qo‘shimcha qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden 28 iyul kuni Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashgandi. Tixanovskayaga ko‘ra, uchrashuv 15 daqiqa davom etgan. U Prezident Baydenni Belarusni demokratiyaga zo‘ravonliksiz o‘tishning muvaffaqiyatli namunasi qilish uchun yordam berishga chaqirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi.  

Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.


Maqola muallifi

Teglar

Jonson Tixanovskaya

Baholaganlar

32

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing