Bayden Belarus muxolifati yetakchisi Tixanovskaya bilan uchrashdi

Olam

image
Tixanovskaya AQSH Prezidenti bilan uchrashmoqchi. Baydenning jadvalida esa ushbu “uchrashuv” yo‘q  north_east

Tixanovskaya AQSH Prezidenti bilan uchrashmoqchi. Baydenning jadvalida esa ushbu “uchrashuv” yo‘q 

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 28 iyul kuni Belarus muxolifati yetakchisi va sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashdi. Bu haqda Amerika rahbarining Twitter’da joylashtirgan xabarida aytilgan.  

“Bugun Tixanovskaya bilan Oq uyda uchrashish men uchun sharaf bo‘ldi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Belarus xalqini demokratiya va inson huquqlari g‘alabasini ta’minlash yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydi”, deyilgan bayonotda. 

Ushbu xabar chiqarilgan paytda Oq uyning veb-saytida Bayden va Tixanovskayaning uchrashuvi to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar bo‘lmagan va siyosatchilar nimani muhokama qilgani ham noma’lum. 

Tixanovskayaga ko‘ra, uchrashuv 15 daqiqa davom etgan. U Prezident Baydenni Belarusni demokratiyaga zo‘ravonliksiz o‘tishning muvaffaqiyatli namunasi qilish uchun yordam berishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti dunyoda avtokratiya va demokratiya o‘rtasidagi kurash davom etayotganini ta’kidlagan. 

“Ikki farzandning onasi sifatida umid qilaman-ki, farzandlarim shu paytgacha onalari doimo ular bilan bo‘lmagani uchun meni tushunishadi va kechirishadi.
Belarusni ozodlik sari olib boradigan yo‘l qancha vaqt va kuch talab qilmasin, men uni belaruslar bilan birga bosib o‘tishga tayyorman. Bizni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlagani uchun esa Prezident Baydenga minnatdorlik bildiraman”, degan Tixanovskaya. 

Bir kun oldin esa Tixanovskaya AQSHdagi Amerika ma’muriyati vakillari bilan muzokaralarda ishtirok etgan. Uchrashuv natijasida u Vashington Belarusga qarshi tarmoq sanksiyalarini joriy etishiga umid bildirgan. 

“Yaqin kelajakda Qo‘shma Shtatlar uchrashuvimizga munosabat bildiradi va tarmoq sanksiyalarini joriy qiladi deb umid qilaman”, degan u. 

Eslatib o‘tamiz, Tixanovskaya joriy yilning 18 iyul kuni Qo‘shma Shtatlarga kelgan va u yerda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan, Senat qo‘mitasi raisi va AQSHning Belarusdagi elchisi Juli Fisher bilan uchrashgan.  

Avvalroq, Tixanovskaya AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashmoqchi ekani, Baydenning jadvalida esa ushbu “uchrashuv” yo‘qligi haqida xabar bergandik.   

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi.  

Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.


Maqola muallifi

Teglar

Bayden Tixanovskaya

Baholaganlar

47

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing