Tixanovskaya AQSH Senatida chiqish qildi

Olam

image

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya AQSH Kongressida onlayn formatda chiqish qildi. U nutqi chog‘ida Respublikaning yetakchi korxonalari, jumladan “Belaruskaliya” va Mozir neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashni talab qildi. 

“Men Amerika Qo‘shma Shtatlarini Belarusdagi rejimni moliyalashtiradigan Lukashenkoning sheriklariga, shu jumladan “Belaruskaliya” va Mozir neftni qayta ishlash zavodi kabi korxonalarga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqiraman”, deydi Belarus muxolifati rahbari AQSH Senatining Tashqi ishlar qo‘mitasidagi chiqishi vaqtida.

Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, bunday sanksiyalarning kiritilishi Belarusda “hokimiyat almashinuvining boshlanishiga turtki bo‘lishi mumkin”.

Bundan tashqari, Belarus prezidentligiga sobiq nomzod AQSHni G7 guruhi (“Katta yettilik”), NATO, AQSH-YeI sammitlarida hamda Jo Baydenning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yaqin kunlarda Jenevada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida Respublikadagi vaziyat mavzusini ko‘tarishga chaqirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi. 

Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tixanovskaya

Baholaganlar

196

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing