Tezkor: Moskvada terakt boshlandi. Qurbonlar soni ortib bormoqda (video)
Olam
−
22 mart
69111Ayni damda Moskvaning Krasnogorsk shahridagi "Krokus Siti Xoll" binosida “Piknik” guruhining konserti bo‘lib o‘tayotgan vaqtida noma’lum shaxslar otishma uyushtirdi. Qurbonlar soni ortib bormoqda. Bu haqda qator rus va xorij nashrlari xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, binoda yong‘in chiqqan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar konsert boshlanishidan oldin zalda va zal tashqarisida avtomatlardan o‘q uzishni boshlagan. Keyinchalik majmuani quyuq tutun qoplagan.
Voqealarning birinchi soniyalari aks etgan videolavhada qurollangan ikki kishi ko‘rinadi. Biroq, ularning soni kamida besh nafar ekani aytilmoqda.
Voqea joyiga Moskva maxsus tezkor otryadi va maxsus maqsadli mobil otryad, shuningdek, o‘t o‘chiruvchilar jo‘natilgan. Binodan 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov operativ shtab tashkil etilganini e’lon qildi. 30 dan ortiq hududiy va 20 ta poytaxt tez tibbiy yordam brigadalari majmuaga yetib kelgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 40 kishiga yetgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ham jiddiy uzilishlar yuzaga kelmoqda.
Moskva viloyatining huquq-tartibot idoralari, maxsus kuchlari favqulodda oyoqqa turg‘izilgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 mart kuni AQSHning Rossiyadagi elchixonasi Moskvadagi ehtimoliy teraktlardan ogohlantirgan edi.