Teylor Svift va Beyonse AQSH iqtisodiyotiga katta foyda keltirayotgani aytildi
Madaniyat-san’at
−
13 avgust 2023
9985Shu yil yozda Amerika pop musiqasining ikki yorqin yulduzi – Teylor Svift va Beyonse o‘zlarining gastrollari doirasida AQSH shaharlarida konsert qo‘ymoqda. San’atkorlarning shousidan nafaqat ularning muxlislari, balki mahalliy hokimiyat va tadbirkorlar ham quvonch va zavq tuymoqda. Chunki bu gastrollar Amerika shaharlariga katta foyda keltirmoqda. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
AQSH Federal rezerviga ko‘ra,Teylor Sviftning Filadelfiyadagi “The Eras Tour” gastrol konserti pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori daromadni qayd etgan. Beyonsening “Renaissance” gastrollaridagi konsert kunlari esa restoranlar va mehmonxonalardan tortib, go‘zallik salonlarigacha bo‘lgan xizmatlar uchun so‘rovlar soni ortib ketgan.
Camoin Associates kompaniyasining katta iqtisodchisi Mara Klaunigning so‘zlariga ko‘ra, ba’zida Beyonse va Svift konsertlari Amerika shaharlariga Milliy Futbol Ligasi (NFL) chempionatining Superkubok finali kabi yirik sport tadbirlaridan ham ko‘proq foyda keltiradi.
"Oxirgi Superkubok Arizona shtatining Glendeyl shahrida bo‘lib o‘tdi. U yerda, bir necha oy o‘tgach, Teylor Svift gastrol safarini boshladi. Ushbu ikki hodisaning davlat uchun iqtisodiy samarasi deyarli bir xil bo‘lib chiqdi. Svift bundan ham balandroq edi. Chunki Superkubok bor-yo‘g‘i bir kun, Svift esa ikkita konsert berdi. Axir, odamlar shaharga kelganda, oziq-ovqat, ichimlik, turar joy, transport va boshqa narsalarga pul sarflaydi. Agar Beyonse va Sviftning konsertlari bo‘lmaganida, ba’zi shaharlar buncha pulni umuman ko‘rmagan bo‘lardi ", deydi Klaunig.
Tadbirkorlar ham estrada yulduzlarining tashrifi foyda keltirayotganini tasdiqlamoqda. Masalan, qandolatchi Marsel 10 yildan ortiq vaqt davomida Baltimordagi restoranlar bilan ishlagan, biroq Beyonsening ikkita konserti davomida u Vashingtonda, stadion yaqinida xonandaning och muxlislariga o‘z mahsulotlarini sotgan.
"Konsert kunlarida ish juda ko‘p bo‘ldi. Men juda ko‘p pishiriqlar sotdim va allaqachon bir necha ming dollar ishlab oldim", deydi Marsel.
Beyonsening Amerika poytaxtiga borishi taksichilarga ham katta foyda keltirgan.
"Beyonsega rahmat, biz hozir juda bandmiz. Bu yozda ish kam edi, lekin u shu hafta oxirida shaharga kelgani uchun vaziyat boshqacha", deydi taksi haydovchisi Mayk.
Konsert kunlarida turli xizmatlarga bo‘lgan talab bilan birga ularning narxi ham oshib bormoqda. Misol uchun, “booking.com” mehmonxona bron qilish portaliga ko‘ra, Teylor Svift kelganida mehmonxonalar narxlarni uch marta oshiradi. Biroq, tahlilchilar inflyatsiyaning o‘sishidan qo‘rqishning hojati yo‘q, deb ishontirmoqda.
"Bu qisqa muddatli inflyatsiyaning bir turi. Beyonse Shvetsiya va Buyuk Britaniyaga borganida, u yerda ham shunday bo‘ldi. O‘sha oyda inflyatsiyaning o‘sishi kuzatildi. Ammo konsert tugashi bilan narxlar avvalgi darajaga qaytadi", deb tushuntiradi Klaunig.
“CBC News” ma’lumotlariga ko‘ra, Teylor Svift ijodining muxlisi xonandaning konsertiga o‘rtacha bir ming uch yuz dollargacha pul sarflaydi. Bunga nafaqat chipta, balki turar joy, ovqatlanish va transport xarajatlari ham kiradi. Klaunigning so‘zlariga ko‘ra, Beyonsening muxlislari o‘z kumirini ko‘rish uchun arzonroq, o‘rtacha besh yuz dollargacha sarflaydi.
"Men bu yerga Richmonddan keldim. Men chiptaga 350 dollar sarfladim. Beyonse bunga arziydi, albatta. Men uning ashaddiy muxlisiman ", deydi xonandaning muxlisi Kler.
"Biz ikkita chipta uchun 700 dollar to‘ladik. Men ming dollarga chipta sotib olmoqchi edim, lekin buncha pulim yo‘q. Menimcha, bu Beyonse uchun haqli narxlar. Men konsertni intiqlik bilan kutyapman, ishonchim komilki, u ajoyib ijro etadi", deydi Beyonsening yana bir muxlisi.
“The New York Times” gazetasining QuestionPro ma’lumotlariga tayanib yozishicha, Shimoliy Amerikadagi muxlislar Sviftning konsertlariga tashrif buyurish uchun 4,5 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflashlari kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Beyonsening oktyabrgacha davom etadigan renesans turnesi doirasidagi shousi ham amerikaliklarni 4,5 milliard dollar sarflashga undaydi.
Eslatib o‘tamiz, 6 avgust kuni Beyonse Vashingtondagi konsertidan so‘ng muxlislari uylariga bexavotir yetib olishi uchun shahardagi metro liniyalarini band qilgan va buning uchun 100 ming dollar to‘lagandi. Teylor Sviftning Sietldagi ikkita konserti esa o‘sha hududda 2,3 balli zilzilalarga sabab bo‘lgandi.
LiveBarchasi