Muhammad Alidan Beyonsegacha: qul qilingan afrikaliklarning mashhur avlodlari

Bu qiziq

image

XVI asrdan XIX asrgacha 12 million afrikalikning Atlantika okeani orqali Amerikaga olib o‘tilishi “transatlantik qul savdosi” davrini tashkil qilgan. Bu “uchburchak savdo”ning ikkinchi bo‘g‘ini edi. Birinchi bo‘g‘inda qurol-yarog‘, mato va vino Yevropadan Afrikaga yuborilgan, ikkinchisida qullar Afrikadan Amerikaga olib ketilgan, uchinchisida shakar va qahva Amerikadan Yevropaga yetkazilgan.  Quldorlik tizimi tugatilgunicha, juda ko‘p noinsoniy harakatlar olib borildi va nihoyat  XIX asr so‘nggida qulchilik tarixga aylanib, 25 mart “Xalqaro qullik va transatlantik qul savdosiga qarshi kurash kuni” deb belgilandi. Maqolada quldorlik tizimi, uning taqiqlanishi va ajdodlari o‘sha davr qullariga borib taqaladigan mashhur shaxslar haqida so‘z boradi.

Transatlantik qul savdosining kelib chiqishi

XV asr oxirlarida portugaliyaliklar allaqachon Afrikadan odamlarni Atlantika orqali olib kelib shakar plantatsiyalarida qul qilib ishlatayotgan edi. Tez orada ispanlar ham shu yo‘lga o‘tdi, lekin keyingi 150 yil davomida portugallar transatlantik qul savdosida yetakchi bo‘lib qoldi. 1700 yillarga kelib esa ingliz va fransuzlar afrikalik qullarning taxminan yarmiga egalik qilardi. XVIII asrda shakar va tamaki plantatsiyalari rivojlanishi ortidan qullarga talab keskin oshib ketadi va umumiy qulchilikning uchdan ikki qismi aynan shu davrda amalga oshirilgan.

Atlantika shafqatsizligi va kemalardagi og‘ir va antisanitariya sharoiti vaziyatni yomonlashtirishi oqibatida 15-25% qullar manzillargacha yetib borolmagan. Ular kemada tiqilinch joylashtirilgan holda 8 ming km masofani bir necha haftadan bir necha oyga qadar bosib o‘tishga majbur edi. Kema kapitani faqat tirik yetkazilgan qullar uchun haq olgani sababli ularning sog‘lig‘ini butunlay nazardan qochira olmagan. Shunday bo‘lsa-da, olib ketilayotgan qullarga zo‘ravonlik va jinsiy tajovuzlar qilingan. Ba’zan bunday munosabatga chiday olmagan qullar kemada qo‘zg‘olon ko‘tarib, uni qo‘lga olishga ham muvaffaq bo‘lgan. Shunday voqealardan biri 1839 yilda ispan kemasida yuz bergan. Jozef Chinke boshchiligidagi qullar kapitan va ekipajning ikki a’zosini o‘ldirib, kemani o‘z nazoratiga olgan. Keyinchalik AQSH Oliy sudi ularni vataniga qaytarish haqida qaror chiqargan.

Qullar savdosini taqiqlash

Amerika inqilobi paytida shimoliy shtatlarda insonning boshqa inson tomonidan mulk sifatida egallanib, huquqlaridan mahrum etilishiga kuchli qarshilik kayfiyati mavjud edi. Ammo janubiy shtatlar bosimi tufayli Kongress 1808 yilga kelibgina qul sotib olib kelishni qonun bilan chekladi. Shunday bo‘lsa-da, qul savdosi Karib dengizi orqali yashirin davom etdi.

Buyuk Britaniya 1833 yilda butun imperiya bo‘ylab qullikni bekor qildi va Britaniya dengiz floti Atlantikadagi qullar savdosiga qarshi faol kurash olib bordi. Braziliya esa 1850 yilda qullar savdosini taqiqlagan bo‘lsa-da, qul kontrabandasi 1888 yilda mamlakat qullikni butunlay bekor qilguniga qadar davom etdi. Oqibatda xalqaro bosim ostida 1880–1886 yillarda Kuba, 1883–1888 yillarda esa Braziliya qullikni butunlay bekor qildi va transatlantik qullar savdosi tarixga aylandi.

Aslini olganda, yirik mamlakatlar ixtiyoriy ravishda qullar savdosidan voz kechmagan. Adolatsizliklarga ortiq dosh berishni istamagan qullar uzluksiz isyonlar uyushtirgan va shunday qo‘zg‘alonlar natijasida 1804 yilda mustaqillikka erishgan birinchi qullar davlati Gaiti Respublikasi tashkil topgan.

Qullardan kelib chiqqan mashhurlar

Afrika mamlakatlaridan qul qilib olib ketilgan millionlab odamning hammasi ham o‘z uyiga qaytmadi. Ularning ko‘pchiligi yomon sharoit oqibatida vafot etgan edi. Tiriklarining aksariyat qismi vaziyatga moslashib, oila qurib, farzandli ham bo‘lgandi. Quldorlik bekor qilingach, bir necha avlod almashib ketgan afrikaliklar o‘z yurtiga qayta olmadi. Oqibatda ular Amerika va boshqa quldor davlatlar bo‘ylab tarqalib ketdi va ko‘plab “qora tanlilar” jamiyatlari paydo bo‘ldi. Quldorlik tugatilgan bo‘lsa-da, amalda afrikaliklarga juda yomon munosabatda bo‘lingan va ular hech qachon hech narsaga osonlik bilan erishmagan, ya’ni har doim kurashib yashashga majbur bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, bunday jamiyatlarda chinakam aqlli va kuchli mashhur insonlar yetishib chiqqan. Quyida ularning bir nechtasiga to‘xtalamiz.

Afsonaviy bokschi Muhammad Ali umr bo‘yi irqchilikka qarshi kurashgan va hatto dinini ham o‘zgartirgan. U o‘z ajdodlari bilan juda qiziqqan, ammo ko‘p ma’lumot topa olmagan. Keyinchalik uning uzoq qarindoshi Kit Uinsted kutilmagan va “kutilgan” ma’lumotni aniqladi: Muhammad Ali erkinlik va qora tanlilar huquqi uchun kurashgan qahramon – Archer Aleksandrning beshinchi avlod nabirasi edi! Genealogiya sohasi bilan havaskorona shug‘ullangan 67 yoshli Uinsted qarindoshlar shajarasini tuzib chiqqan va o‘zining aytishicha, Aleksandrning kimligi haqida avval bilmagan. Afsuski, Ali bu xabardan ikki yil oldin vafot etdi. Uning qizi Maryamning aytishicha, Ali Aleksandr bilan qarindosh ekanini bilganida juda faxrlangan bo‘lardi:

“U o‘zini shunday inson bilan bog‘liq ekanini bilishdan xursand bo‘lardi,” degan u.

1980 yilda “Thye New York Times” gazetasiga bergan intervyusida Ali shunday degan edi:

“Ajdodlarim haqida deyarli hech narsa bilmayman, ammo men vafot etganimdan keyin avlodlarim menga hurmat bilan qarashini xohlayman. Xuddi men o‘z ajdodlarimni hurmat qilganim kabi”.

Ajdodlari qullik tizimi qurboni bo‘lgan mashhurlarning yana biri taniqli qo‘shiqchi – Beyonse. Uning “Vogue” jurnaliga bergan intervyusi muxlislar uchun hayratlanarli bo‘ldi. Unda Beyonse o‘zining aralash irqiy ajdodlari haqida gapirdi:

“Men yaqinda ajdodlarimni o‘rganib chiqdim va shuni bildimki, ajdodlarimdan biri – qul egasi o‘z qulini sevib qolgan va unga uylangan ekan”, dedi qo‘shiqchi.

Uning bu so‘zlari asosida “Mail” gazetasi chuqurroq o‘rganish olib bordi va Beyonsening aslida qullar avlodi ekanini aniqladi.

“Biz Beyonsening 1800 yilgacha bo‘lgan ajdodlarini aniqladik va o‘sha yili tug‘ilgan qora tanli qul Rozali Jin Lui uning uchinchi buvisi ekanini bildik”, deydi nashr.

AQSH arxivlariga ko‘ra, Rozali qullikdagi dahshatli hayotdan qochib, amerikalik badavlat oq tanli savdogar Jozef Leysi bilan turmush qurgan. Biroq tarixiy hujjatlarda Jozef Leysi qul egasi bo‘lgani tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, Jozefning boyligini hisobga olganda, Beyonse intervyuda tilga olgan “hoja va qul o‘rtasidagi sevgi” ehtimoldan holi emas. Rozali va Jozef 1830 yilda Selestin ismli qiz farzand ko‘rgan.

Aralash irqdan chiqqan bu qiz Luiziana shtatidagi shakarqamish plantatsiyalarida xo‘jalik yuritgan asli fransuz Eloy Rene Rozemond Brussar ismli oilali erkakning sevgilisiga aylangan. Allaqachon ikki farzandning otasi Eloy Selestinni uy xizmatkori qilib yollaydi va ular sevishib qolib, 13 nafar farzand ko‘radi. Ulardan biri Odelia – Beyonsening katta buvisi edi. Qonuniy nikohdan o‘tmagan bo‘lsa-da, Eloy farzandlarini rasmiy tan olgan, tug‘ilish va nikoh yozuvlarida o‘z farzandi sifatida qayd etib, barcha marosimlarga ishtirok etgan. Eloy 79 yoshida, Selestin esa 90 yoshida vafot etgan.

Odelia fermer kishi bilan turmush quradi va 18 farzand ko‘radi. Beyonsening buvisi Agnes ularning biri edi. Qo‘shiqchi intervyu davomida bunday haqiqatlarni bilish va anglash uzoq davom etganini aytadi.

Bundan tashqari, AQSHning 44 prezidenti Barak Obama, kriminalistik filmlar ustasi, amerikalik aktyor Samuel L. Jekson va “Shoushenkdan qochish” filmi yulduzi Morgan Friman kabi ko‘plab mashhurlarning ajdodlari Afrika davlatlaridan keltirilgan qullar ekani aytiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qullik insoniyat tarixida keng tarqalgan, shafqatsiz tizim edi. Afsuski, bugungi kunda rasmiy qullik tugatilgan bo‘lsa-da, irqchilik hamda inson savdosi va majburiy mehnat hanuz mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Muhammad Ali Beyonse qul savdosi Samuel L. Jekson Morgan Friman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing