“Barbi”dan tortib GM rahbarigacha. 2023 yilning eng nufuzli ayollari kimligi aytildi
Bu qiziq
−
30 noyabr 2023
9193Britaniyaning “Financial Times” gazetasi talqiniga ko‘ra yilning eng nufuzli 25 nafar ayoli ro‘yxatiga butun dunyo bo‘ylab katta shov-shuvlarga sababchi bo‘lgan “Barbi” filmidagi bosh qahramon rolini ijro etgan aktrisa Margot Robbi, qo‘shiqchi Beyonse va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen kiritildi.
Reytingdan Ukraina Prezidentining rafiqasi Yelena Zelenskaya, eronlik huquq himoyachisi Nargis Muhammadiy, OpenAI’ning texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Mira Murati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Biologik xilma-xillik bo‘yicha konvensiyasi ijrochi kotibi Elizabet Maruma Mrema va Braziliya atrof-muhit vaziri Marina Silva ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, nashr kuzatuvchilari ro‘yxatga nigeriyalik yozuvchi va shoira Lola Shonayin, amerikalik aktrisa va ssenariynavis Fren Dresher, Ernst&Young konsalting kompaniyasi bosh direktori Janet Trankeyl, Yaponiyaning Suntory Beverage and Food oziq-ovqat kompaniyasi bosh direktori Makiko Ono va vengriyalik olima Katalin Karikoni kiritdi.
Shuningdek, reytingga yozuvchi va shoir Barbara Kingsolver, dizayner Fibi Faylo, hind aktrisasi va qo‘shiqchisi Alia Bhatt, General Motors kompaniyasi rahbari Meri Barra, shveysariyalik siyosatchi Karin Keller-Zutter ham kirgan.
Bundan tashqari, gazeta ro‘yxatga amerikalik olim va tadbirkor Liza Dayson, Amerikaning United Parcel Service transport kompaniyasi rahbari Kerol Tom, hashamatli kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi Kering (Gucci va Balenciaga brendlari egasi)ning barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori Mari-Kler Davu, amerikalik tennischi Koko Gauff, Ispaniya milliy terma jamoasi futbolchisi Jennifer Ermoso, shuningdek, Koreyaning “Aespa” pop guruhi a’zolarini kiritdi.
Ma’lumot uchun, top 25 ayollar ro‘yxatidagi Fren Dresher Ekran aktyorlari gildiyasi va Amerika televideniye va radio san’atkorlari federatsiyasi (SAG-AFTRA) uyushmasi prezidenti hisoblanadi. Bu yil u assotsiatsiyaning 160 mingga yaqin a’zolarining 118 kunlik ish tashlashiga rahbarlik qildi. Ish tashlash 14 iyulda boshlangan va Qo‘shma Shtatlarda kino ishlab chiqarishni to‘xtatgan. Aktyorlar maoshlarni oshirish, qo‘shimcha ishlaganlik uchun kompensatsiya to‘lash va kinoda sun’iy intellektdan foydalanishni cheklashni talab qilgan.
Katalin Kariko esa fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti sovrindori. Nobel assambleyasi uning nuklein kislota asoslarini modifikatsiyalash sohasidagi kashfiyotlarni qayd etgan. Karikoning yutuqlari pandemiya davrida COVID-19 ga qarshi samarali mRNK vaksinalarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynadi.
Nargis Muhammadiy 2023 yil 6 oktyabrda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati sifatida e’lon qilindi. Mukofot unga “Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurash, barcha uchun inson huquqlari va erkinligini ta’minlash” uchun berilgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi Nargis Muhammadiyga Nobel mukofotining berilishini “ayrim Yevropa hukumatlarining intervension va antieron siyosatiga” mos keladigan siyosiy harakat deb atagan.