Termizda mast holda mashina olib qochgan Tojikiston fuqarosi qamaldi
3-sahifa
−
25 aprel 5085 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida mast holatda avtomashina olib qochgan tojikistonlik 3 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Mening yurtim” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Termiz shahrida vaqtincha yashab kelayotgan tojikistonlik 44 yoshli shaxs taksi haydovchisining Cobalt avtomashinasini olib qochgan. Gap shundaki, u mast holatda sherigi bilan taksiga mingan. Yo‘l-yo‘lakay spirtli ichimliklar iste’mol qilishda davom etgan. U janjallarga haydovchini ham aralashtirgan va haydovchining avtomashinadan tushganidan foydalangan holda u Cobalt'ni olib qochgan.
Shundan so‘ng haydovchi Spark rusumli avtomashinada uning izidan harakatlanib borganda, u olib qochgan avtomashinasi bilan yonma-yon harakatlanib ketayotgan Spark avtomashinasiga ham shikast yetkazib, avtomashinani olib qochishda davom etgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv chora-tadbirlari jarayonida mashina Termiz tumanining Ayritom mahallasi hududida boshqarib borilayotgani aniqlangan.
Viloyat Yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan uni to‘sib ushlash tadbiri davomida fuqaro Cobalt’ni yana olib qochmoqchi bo‘lgan. Ortga haydab, yo‘l chetida turgan Cobalt avtomashinasini ham urib yuborib, unga shikast yetkazib, mashinani olib qochishda davom etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida bo‘lib o‘tgan sudda erkakka Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi bilan kodeksning 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 3 avtomashinaga yetkazilgan zarar ham to‘liq qoplangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida qiziqchi Shukurullo Isroilovning avtomobili olib qochilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu mashinani olib qochgan yigit 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr