Temu O‘zbekistonda bloklandi
Jamiyat
−
20 mart
6706Bugun, 20 martdan boshlab O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysi ishlashida uzilishlar kuzatilmoqda. Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Uning bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 885-son qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan (ushbu norma qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi).
Mamlakat fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, bugun, 20 martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, Temu platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanmoqda.
Ayni damda o‘zbekistonliklar Temu ilovasidan foydalanishi mumkin, biroq uning faoliyatida ma’lum kamchiliklar kuzatilmoqda. Marketpleysning rasmiy saytiga esa kirish imkonsiz. Saytga murojaat qilinganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ׅButunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida axborot resursiga cheklov o‘rnatilgani bo‘yicha axborot oynasi chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Temu onlayn marketpleysi O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgani xabar qilingandi. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, Temu marketpleysi yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasi rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq o‘tgan davrlar uchun marketpleys bilan muhokama qilinadigan masalalar mavjud. Hozirda muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu jarayon yakuniga yetkazilib, uning faoliyati yuzasidan yakuniy xulosa e’lon qilinadi.
LiveBarchasi