Telegram foydalanuvchilari hukumatdan so‘rov kelganini bila oladi – Durov
Olam
−
03 Oktabr
6550Telegram asoschisi Pavel Durov 2018 yildan beri messenjer ko‘pchilik mamlakatlardagi maxfiylik siyosatiga ko‘ra, jinoyatchilarning IP manzillari/telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qila olishini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 2 oktyabr kuni o‘zining Telegram sahifasida post qoldirdi.
“Bizga tegishli aloqa liniyalari orqali to‘g‘ri shakllangan yuridik so‘rov kelib tushganda, biz uni tekshirib, xavfli jinoyatchilarning IP manzillarini/telefon raqamlarini oshkor qilamiz. Bu jarayon o‘tgan haftadan ancha oldin amalga oshirilgan edi”, deya yozgan Durov.
Durovning so‘zlariga ko‘ra, @transparency boti foydalanuvchining ma’lumotlari uchun qayta ishlangan (hukumat) so‘rovlar sonini ko‘rsatib beradi.
Uning ta’kidlashicha, kompaniya Braziliyada 2024 yilning 1-choragida (yanvar-mart oylari) 75 ta, 2-chorakda 63 ta va 3-chorakda 65 ta yuridik so‘rovlar bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor qilgan. Bozordagi eng yirik ko‘rsatkich Hindistonda 1-chorakda 2461 ta, 2-chorakda 2151 ta va 3-chorakda 2380 ta yuridik so‘rovni qondirilgan. Shuningdek, Yevropada ham 3-chorakda qabul qilingan qonuniy so‘rovlar soni ko‘payishi kuzatilgan.
“Bu o‘sishga ko‘proq Yevroittifoq ma’murlari o‘z so‘rovlari uchun EI DCA qonunida belgilangan to‘g‘ri aloqa liniyasidan foydalana boshlagani sabab bo‘ldi. 2024 yil boshidan buyon Telegram veb-saytini ko‘rgan yoki Google’da “Huquqni muhofaza qilish organlari uchun Telegram Yevropa Ittifoqi manzili”ni qidirgan har bir kishi ushbu aloqa nuqtasi haqidagi ma’lumotlarga ochiq bo‘ladi”, deydi u.
Bundan tashqari, Durov chalkashlikni kamaytirish uchun messenjer o‘tgan haftada turli mamlakatlarda maxfiylik siyosatini soddalashtirgani va birlashtirganini ma’lum qildi.
“Asosiy tamoyillarimiz o‘zgarmadi. Biz har doim ular erkinlik va shaxsiy hayot qadriyatlarimizga zid bo‘lmasa, tegishli mahalliy qonunlarga rioya qilishga intilamiz. Telegram faollar va oddiy odamlarni korrupsiyalashgan hukumatlar va korporatsiyalardan himoya qilish uchun yaratilgan. Biz jinoyatchilar platformamizni suiiste’mol qilishlariga yoki adolatli sudlovdan qochishlariga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Pavel Durov.
Eslatib o‘tamiz, Durov joriy yilning 25 avgust kuni terrorizm, giyohvandlik, jinoiy sherikchilik, firibgarlik, pul yuvish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, Telegram’dagi pedofiliyaga asoslangan kontent singari bir qator ayblovlar bilan hibsga olingandi. Durov bilan bog‘liq voqeadan so‘ng dunyoda uni har xil usullar bilan qo‘llab-quvvatlash boshlandi.
Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi mamlakat hukumatidan Pavel Durov ishi bo‘yicha tushuntirish berishni talab qilganda Parij rasmiylari bu masalada o‘zaro hamkorlik qilmagandi. Shunda ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda dunyo hamjamiyati hibsga olish masalasi Moskvaning Parij bilan munosabatlarining keskinlashuviga olib kelishi mumkinligini bildirgandi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Fransiya Durovni kimningdir maslahati bilan hibsga olganini aytib chiqdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Durov hech qanday siyosiy sababsiz sud tergovi doirasida hibsga olinganini aytdi.
Parij prokuraturasi Fransiya huquq-tartibot idoralari Durovni ko‘plab kiberjinoyatlarda gumon qilib, ismi oshkor etilmagan shaxsga qarshi tergov doirasida so‘roq qilayotganini ma’lum qildi. 28 avgust kuni Durov Parij sudiga olib borildi va sudya uni dastlabki so‘roq qilish va ehtimoliy ayblovlar uchun politsiya hibsxonasida ushlab turishni to‘xtatdi. U 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlandi va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi sharti qo‘yildi.