Telegram’da Alisher Usmonov nomidan odamlarni “shilganlar” ushlandi (video)
3-sahifa
−
15 fevral
8012Toshkent viloyatida milliarder Alisher Usmonov nomidan Telegram guruh ochib, odamlarning pulini o‘zlashtirganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi va Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Telegram’da “Alisher Usmonov aksiyasi” nomli 200 dan ortiq guruh ochib, fuqarolarni “Aksiyada 20 million so‘m mukofotiga ega bo‘ldingiz” kabi so‘zlar bilan aldab, pul mablag‘larini o‘zlashtirayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Ohangaron shahrida yashovchi 25 yoshli Sh.B. o‘z xonadonida Farg‘ona viloyatida yashovchi 18-25 yosh orasidagi 6 nafar shaxslarni jalb qilgan holda Telegram orqali “Alisher Usmonov aksiyasi” nomi bilan 200 dan ortiq guruh ochib, faoliyat yuritgan. Guruhda fuqarolarga yutuq chiqqani haqida yolg‘on ma’lumotlar yuborilib, yutuqni olish uchun badal puli talab qilingan va turli miqdordagi pul mablag‘larini boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga tushirib, o‘zlashtirgani aniqlangan.
Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olingan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu guruhning har bir a’zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yig‘ish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqaroning 46 mln so‘m pulini soxta treyderlik yo‘li bilan o‘margan shaxs ushlangan edi. Nukus shahrida yashovchi fuqaro ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan bank plastik kartasidan 46 mln so‘m pul mablag‘i yechib olinganini ma’lum qilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida murojaatchi ijtimoiy tarmoqdagi treyderlik guruhiga a’zo bo‘lgani va “pulingizni ko‘paytirib beramiz” degan soxta treyderlarga 46 mln so‘m pulini o‘z plastik kartasidan bo‘lib-bo‘lib o‘tkazib bergani aniqlangan.
LiveBarchasi