Pavel Durov terrorchilik ayblovi bilan xalqaro qidiruvga berildi
Olam
−
29 iyul 3484 2 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyada terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashishda gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Durovga nisbatan “Dayvinchik” tanishuv servisi orqali tayyorlangani aytilgan hujumlar bilan bog‘liq ayblovlarni ham ilgari surgan. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Telegram ma’muriyati Rossiyada taqiqlangan faoliyatda foydalanilgan ayrim kanallar, chatlar va botlarni o‘chirmagan. Rossiya tomoni ushbu platformalardan Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan qo‘poruvchilik va terrorchilik harakatlarini tayyorlashda foydalanilganini da’vo qilmoqda.
Xususan, FXX ma’lumotida “Dayvinchik” tanishuv servisi alohida tilga olingan. Rossiya maxsus xizmati da’vosiga ko‘ra, mazkur bot orqali Ukraina maxsus xizmatlari xodimlari qizlar nomidan rossiyalik yoshlar bilan tanishgan, ularni yirik savdo markazlari yoki ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar yaqiniga uchrashuvga chaqirgan. Shuningdek, ushbu shaxslar keyinchalik turli hujumlar va qo‘poruvchilik harakatlariga jalb qilinganini ta’kidlagan.
FXX ma’lumotida aytilishicha, ayrim fuqarolar soxta huquq-tartibot idoralari xodimlari sifatida tanishtirilgan shaxslar tomonidan psixologik bosim ostida qolgan. Shundan so‘ng ulardan hujumlar va yong‘inlar uyushtirishda foydalanilgani ta’kidlangan.
Rossiya maxsus xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Telegram platformasidagi mazkur faoliyat sabab Durovga nisbatan ayblov ilgari surilgan.
Qayd etilishicha, Durovga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi (terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Hozircha Pavel Durov tomoni yoki Telegram ma’muriyati ushbu ayblovlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirgani haqida ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi va rahbari Pavel Durov Fransiyada messenjerning jinoiy faoliyatlarga ehtimoliy sherikligi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida yana sudyalar tomonidan so‘roq qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi