Durov Xitoy SI borasida AQSHdan o‘zib ketayotganining sababini aytdi
Olam
−
30 yanvar
11492Telegram asoschisi Pavel Durov agar AQSHda o‘rta ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmasa, Xitoyning o‘sib borayotgan texnologik ustunligi muqarrar bo‘lib qolishini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Xitoyning DeepSeek startapi muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng, ko‘pchilik Xitoy AQSHni sun’iy intellekt sohasida qanchalik tez quvib yetganiga hayron qoladi. Biroq Xitoyning algoritmik samaradorlikdagi taraqqiyoti yo‘q joydan paydo bo‘lmadi. Xitoylik o‘quvchilar allaqachon xalqaro olimpiadalarda matematika va dasturlash bo‘yicha boshqalardan o‘zib ketishgan”, deydi Pavel Durov.
Durovning fikricha, Xitoy o‘rta ta’lim tizimi, ayniqsa, aniq fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashda G‘arbdan ustun turadi.
“Xitoy ta’lim tizimi o‘quvchilar o‘rtasida qattiq raqobatni rag‘batlantiradi. Bu esa yuqori samarali sovet modelidan olingan tamoyil”, deydi Telegram asoschisi.
Durovning ishonchi komilki, ko‘pchilik o‘quvchilar maktabni musobaqa sifatida qabul qiladi, raqiblar orasida birinchi o‘rinni egallashga intiladi. O‘zlashtirishda shaffoflikning yo‘qligi shuhratparast o‘smirlar uchun o‘qishni ma’nosiz qilib qo‘yishi mumkin. Natijada, iqtidorli bolalar ko‘pincha video o‘yinlarni yanada jozibali deb topadi, chunki u yerda hech bo‘lmaganda har bir o‘yinchining reytingi ko‘rinadi.
“G‘arb maktablari bolalarni bosim va istehzolardan himoya qilish uchun raqobatdan qochayotgan bir paytda, bu eng yaxshi o‘quvchilarni demotivatsiya qiladi. Yutqazganlarni chiqarib tashlasangiz, g‘oliblarni ham chiqarib tashlaysiz. Har bir o‘quvchiga uning yutuqlaridan qat’i nazar, men chempionman, deb aytish yaxshi tuyulishi mumkin, ammo haqiqat shuki, o‘qishni tugatgandan so‘ng bu illyuziyani tezda yo‘q qiladi. Voqelik, yaxshi niyat bilan amalga oshiriladigan maktab siyosatidan farqli o‘laroq, sport, biznes, fan yoki texnologiyada bo‘lsin, o‘zining ijtimoiy baholari va reytinglariga ega”, deb yozadi Durov.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda ishlab chiqilgan DeepSeek sun’iy intellekt tizimi ChatGPT’dan samaraliroq va arzonroq ekanini ko‘rsatganidan so‘ng, G‘arb texnogigantlari aksiyalari keskin pasayishni boshlagandi. 27 yanvar savdo kuni davomida chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi aksiyalari deyarli 17 foizga pasaygan. Bu pasayish kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasini 600 milliard dollardan ko‘proq kamayishiga olib kelgan. Nvidia kompaniyasining raqobatchilari, jumladan Marvell, Broadcom, Micron va TSMC ham sezilarli darajada zarar ko‘rgan.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi