Durov Toshkentdagi olimpiada g‘oliblariga $117 minglik sovrin va’da qildi
Jamiyat
−
19:22 549 1 daqiqa
Bugun, 10 avgust kuni Toshkentda Informatika bo‘yicha xalqaro olimpiada IOI-2026 boshlandi. Bu haqda Pavel Durov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
U olimpiada g‘oliblariga umumiy qiymati kamida 117 ming AQSH dollari bo‘lgan maxsus raqamli sovrinlar topshirilishini aytdi.
IOI yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida dasturlash bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi. Bu yilgi olimpiadada 97 davlatdan 386 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda.
Durovning ma’lum qilishicha, Telegram olimpiadada sovrindor bo‘lgan 235 nafar ishtirokchiga “Algorithm Cups” nomli eksklyuziv raqamli kolleksiyalarni taqdim etadi. Ularning umumiy qiymati kamida 117 ming AQSH dollariga baholangan.
Sovrinlar medallar darajasiga qarab taqsimlanadi. 45 nafarga yaqin oltin medal sohiblarining har biri kamida 1000 dollarlik, 75 nafarga yaqin kumush medal sohibiga kamida 500 dollarlik, 115 nafarga yaqin bronza medal sohibiga esa kamida 300 dollarlik “Algorithm Cups” raqamli kolleksiyalari beriladi.
Telegram asoschisi o‘z xabarida kompaniya muhandislik jamoasining bir qator a’zolari ham avvallari IOI medallarini qo‘lga kiritganini qayd etgan.
Olimpiadaning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Zero, bu hudud IX asrda yashab ijod qilgan buyuk matematik Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy vatani hisoblanadi. “Algoritm” atamasi ham uning lotincha ismi Algoritmi bilan bog‘liq.
Musobaqa davomida ishtirokchilar murakkab dasturlash va algoritmik masalalarni yechish bo‘yicha bellashadi.
Live
Barchasi