Pavel Durov Parijda 6 soat so‘roq qilindi
Olam
−
10 iyul 1637 3 daqiqa
Telegram asoschisi va rahbari Pavel Durov Fransiyada messenjerning jinoiy faoliyatlarga ehtimoliy sherikligi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida yana sudyalar tomonidan so‘roq qilindi. Bu haqda ishga yaqin manbaga tayanib, “Le Figaro” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pavel Durov joriy yilning 8 iyul kuni Parijdagi tergov sudyalari tomonidan olti soatdan ortiq vaqt davomida so‘roq qilingan. So‘roqdan keyin uning advokatlari Kristof Engren, Roben Bensar va Giyom Martin jurnalistlarga bayonot bergan.
“Pavel Durovga nisbatan ayblov e’lon qilinganiga qariyb ikki yil bo‘lganiga qaramay, hanuzgacha bu ayblovlarning asosli ekanini tasdiqlaydigan hech qanday dalil mavjud emas”, deydi ular.
Advokatlarning aytishicha, mazkur ish bo‘yicha Fransiyada ham, Yevropa sud instansiyalarida ham shikoyatlar kiritilgan.
Durov mahalliy vaqt bilan soat 10:00 atrofida Parij sudiga borgan. Ishga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, bu uning 2024 yilda ayblov e’lon qilinganidan beri to‘rtinchi marta tergov sudyalari tomonidan so‘roq qilinishi bo‘lgan.
Fransiya adliyasi Rossiyada tug‘ilgan, Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklari fuqaroligiga ega bo‘lgan milliarder tadbirkorni Telegram platformasida sodir etilayotgan noqonuniy faoliyatlarga qarshi yetarlicha chora ko‘rmaganlikda ayblamoqda. Tergovchilar fikricha, platformada moderatsiyaning yetarli emasligi va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilinmagani jinoyatchilarga qulay sharoit yaratgan.
2024 yil dekabr oyida Durov sudyalarga Telegram’ni 2013 yilda akasi bilan “jinoyatchilar uchun” yaratmaganini aytgan. Shu bilan birga, u platformada jinoyatchilar ham mavjudligini tan olib, ular “juda kichik ulush”ni tashkil etishiga qaramay, vaqt o‘tishi bilan ularning soni ham oshganini bildirgan.
Durov 2024 yil avgust oyi oxirida Parij yaqinidagi Le-Burje aeroportida qo‘lga olinganidan so‘ng Fransiya huquq-tartibot idoralari Telegram bilan hamkorlik yaxshilanganini qayd etmoqda. Biroq Telegram bu bahoga qo‘shilmaydi.
“Durov Fransiyada hibsga olinganidan keyin o‘zgargan yagona narsa shuki, Fransiya hokimiyati Telegram’ga sud so‘rovlarini endi to‘g‘ri tartibda yubora boshladi”, degan platforma vakillari.
So‘nggi yillarda Parij prokuraturasi yirik internet platformalariga nisbatan faol tergovlar olib bormoqda. Telegram’dan tashqari, X (sobiq Twitter), Kick striming platformasi hamda TikTok ilovasi faoliyati yuzasidan ham tekshiruvlar boshlangan.
Ayni paytda Pavel Durov X egasi Ilon Maskni qo‘llab-quvvatlagan. Mask rahbarlik qilayotgan platformaga nisbatan ham bolalar pornografiyasi tasvirlarini tarqatishga sheriklik qilish kabi gumonlar bo‘yicha sud tergovi olib borilmoqda.
“Makron Fransiyasi jinoiy tergovlarni so‘z erkinligi va shaxsiy hayotni cheklash vositasi sifatida qo‘llab, o‘z legitimligini yo‘qotmoqda”, degan edi Durov joriy yil aprel oyida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov o‘z kanalida Yevropa Ittifoqi o‘z nazoratidagi nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari orqali kuzatuv hamda senzurani kuchaytirishga bo‘lgan urinishlarini oqlashga harakat qilayotganini yozgandi.
Live
BarchasiGaitida samolyot dengizga qo‘ndi
10 iyul