Rossiyada qirg‘izistonlik erkak “komment” uchun 3 yilga qamaldi

Olam

image

Kecha, 19 fevral kuni Moskvaning Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi 30 yoshli Qirg‘iziston fuqarosini ijtimoiy tarmoqdagi izohi uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi Bekzod Abdunosir o‘g‘li bo‘lgan. U qo‘lga olinishi oldidan “Atrium” MCHJda past kuchlanishli tizimlar montajchisi bo‘lib ishlagan.

Ma’lumki, 2024 yil 22 mart kuni “Krokus Siti Holl”da terakt sodir bo‘lib, qurollangan erkaklar konsert zaliga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘t ochgan, binoga o‘t qo‘ygan va qochib ketgandi. Oqibatda 145 kishi halok bo‘lib, 550 dan ortiq odam jarohatlangandi.

Ayblovga ko‘ra, aprel oyi boshida qirg‘izistonlik fuqaro Telegram’dagi “Migranti.ru” kanalida terakt ishtirokchilarining dastlabki so‘roqlari videosi ostida “Qasoskorlik uchun katta jur’at kerak, afsuski ular qo‘lga tushib qoldi” mazmunidagi izoh qoldirgan.

Shundan so‘ng u 2024 yil 8 noyabr kuni ushlanib, qamoqqa olingan.

Sud Bekzod Abdunosir o‘g‘lini Rossiya Jinoyat kodeksining “terrorchilik faoliyatiga omma oldida da’vat qilish, shu jumladan internet orqali” moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan va unga uch yil umumiy tartibdagi koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, u Rossiyaning ekstremistlar va terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda erkak Facebook’dagi postlari uchun hibsga olingan edi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari ijtimoiy tarmoqlar monitoringi chog‘ida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Berik Derjinskiy” nomli akkaunt egasi tomonidan muntazam ravishda mamlakat rahbariyatiga yo‘llangan, hukumat amaldorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish maqsadida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga chaqiruvchi salbiy materiallar chop etilgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Qirg'iziston Telegram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing