TDTning yangi bayrog‘i qabul qilindi
Olam
−
06 noyabr
8966Bishkekdagi Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining 11-sammitida tashkilotning yangi bayrog‘i qabul qilindi. Bu haqda Qirg‘isiton Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Bayroqda ko‘k fonda sakkiz qirrali yulduz, yarim oy va markazda to‘g‘ri nurlari bo‘lgan quyosh tasvirlangan.
Ma’lum qilinishicha, moviy fon musaffo osmon, tinchlik va farovonlik ramzi. Monoxrom fon turkiy xalqlarning birligini ifodalaydi. Tarixan moviy rang turkiy madaniyat va an’analar bilan bog‘liq bo‘lib, bu uning madaniy ahamiyatini yanada oshiradi.
Sakkiz qirrali yulduz Saljuqiylar yulduzi yoki O‘g‘uzlar yulduzi nomi bilan tanilgan, turkiy va islom madaniyatidan kelib chiqqan. Bu ramz Saljuqiylar va Usmoniylar imperiyalarida tangalar, me’morchilik va bezak elementlarida tez-tez uchraydi hamda mehr-shafqat, sadoqat, halollik, sabr-toqat, saxiylik kabi asosiy fazilatlarni ifodalaydi, shuningdek, uyg‘unlik va mukammallik timsoli hisoblanadi. Sakkiz qirrali yulduz ba’zi zamonaviy turkiy davlatlarning bayroqlarida ham aks ettirilgan bo‘lib, birlik va umumiy qadriyatlarni ifodalash uchun qo‘llaniladi.
Quyosh o‘zining qirqta to‘g‘ri nurlari bilan bir tekisda tarqalib, yorug‘lik, ochiqlik va hayotiylikni anglatadi. Nurlar turkiy dunyoning yo‘lini yoritib, uni yanada porloq va farovon kelajak sari yetaklovchi umumiy qadriyatlar va umumiy qarashni ifodalaydi.
Butun turkiy dunyoga mashhur timsol bo‘lgan yarim oy va yulduz turkiy davlatchilik, yuksalish, kelajakka intilish va taraqqiyot ramzidir. Bu elementlar turkiy davlatlarning boy umumiy tarixiga asoslangan tashkilotning dinamik va istiqbolli ruhini aks ettiradi.
Mazkur bayroq Turkiy davlatlar tashkiloti missiyasining asosini tashkil etuvchi turkiy o‘zlik, birlik, mushtarak meros va har tomonlama hamkorlikning asosiy belgilarini o‘zida mujassam etishi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining 11-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilingan va ko‘p tomonlama hujjatlar imzolangandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr