TDT sammitida Baxtiyor Sayfullayev vafoti munosabati bilan O‘zbekistonga ta’ziya bildirildi
Jamiyat
−
16 mart 2023
8438Turkiy Davlatlar Tashkilotining bugun, 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tayotgan navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi sobiq raisi, marhum Baxtiyor Sayfullayev yodga olindi.
Sammitda ishtirok etgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar Kengashi raisi Binali Yildirim Kengashning O‘zbekiston tomonidan a’zosi Baxtiyor Sayfullayevning vafoti munosabati bilan tashkilot a’zolari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ta’ziya bildirib, marhumga Yaratganning rahmatini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev 14 fevral 72 yoshida vafot etdi.
Baxtiyor Sayfullayev – O‘zbekiston madaniyat arbobi, siyosat va davlat arbobi, pedagogika fanlari doktori (1987), professor (2012). U 1951 yili 1 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan.
O‘z mehnat faoliyatini 1972 yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori va rejissyori sifatida boshlagan Baxtiyor Sayfullayev keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri lavozimida ham faoliyat olib borgan. U 2017-2020 yillar davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri sifatida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2000), Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi (2008) unvonlariga sazovor bo‘lgan.
LiveBarchasi