Prezident Baxtiyor Sayfullayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
15 fevral 2023
11724Avval xabar berganimizdek, kecha, 14 fevral kuni taniqli madaniyat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev kecha, 14 fevral kuni 72 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva ta’ziya bildirdi.
Ta’ziyanoma matni O‘zbekiston axborot agentligi tomonidan tarqatildi. Unda shunday deyiladi:
“Baxtiyor Sayfullayev 1951 yil 1 aprelda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni drama teatri va kino aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini 1972 yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori hamda rejissyori sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent madaniyat instituti katta o‘qituvchisi, fakultet dekani o‘rinbosari, fakultet dekani vazifalarida mehnat qildi. Nomzodlik ishini himoya qilgach, Toshkent davlat madaniyat institutida pedagogik faoliyatini davom ettirdi.
O‘z faoliyati mobaynida Baxtiyor Sayfullayev respublika miqyosida ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha mohir rejissyor sifatida tanildi. 2005-2020 yillarda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, madaniyat vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritib, mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, sohadagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, milliy madaniyat va san’atimiz rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatib mehnat qildi.
Professor Baxtiyor Sayfullayev 2012-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori vazifalarida xizmat qilib, mamlakatimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shdi.
B.Sayfullayev 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab, mamlakatimizda madaniyat va yoshlar siyosatini amalga oshirish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarga oid huquqiy bazani mustahkamlashda o‘zining boy bilim va tajribasini namoyon etdi.
B.Sayfullayevning o‘zbek madaniyati va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Taniqli madaniyat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Baxtiyor Sayfullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”.
LiveBarchasi