O‘zbekistonda qancha ishsiz borligi aytildi
Jamiyat
−
25 aprel 2021
23048Hozirda O‘zbekistonda 1 million 600 ming fuqaro ishsiz va ularning yarmidan ko‘pi yoshlar. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ma’lum qildi.
“Hozirda yurtimizda 1 million 600 ming aholi bandligini ta’minlash talab etilayotgan bo‘lsa, ularning 805 mingdan ortig‘i 16—30 yoshdagi ishsizlardir. Shuningdek, 2021 yilda mehnat bozoriga jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Natijada joriy yilda yoshlar bandligini ta’minlash uchun ehtiyoj 1 million 365 mingdan ortiqni tashkil qiladi”, dedi Baxtiyor Sayfullayev Senat yalpi majlisida.
Sayfullayev aynan shuning uchun ham 2021 yildagi davlat dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilganini urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida yoshlar masalasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun qator hokimlarni ishdan bo‘shatgan edi.
LiveBarchasi