AQSH-Eron urushi milliondan ortiq odamni ishsiz qoldirishi mumkin
Olam
−
19:38 1191 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqining (YeI) bandlik va mehnat masalalari bo‘yicha komissari Roksana Minzatu AQSH va Eron o‘rtasidagi nizo tufayli energiya resurslari narxining keskin ko‘tarilishi oqibatida ittifoq 1,3 milliongacha ish o‘rnini yo‘qotishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Minzatuning so‘zlariga ko‘ra, energiyani ko‘p talab qiladigan sohalar, jumladan, avtomobilsozlik, qurilish, metallurgiya, kimyo va transport tarmoqlaridagi ish o‘rinlari xavf ostida qolmoqda. Yevrokomissiya hisob-kitoblariga ko‘ra, YeI avtomobilsozlik sektori eng yirik qisqartirishlarga duch kelishi mumkin – bunda 600 minggacha ish o‘rni yo‘qolishi ehtimoli bor. Qurilish, metallurgiya, kimyo sanoati va transport sohalarida esa 56 ming kishi ishsiz qolishi mumkin.
Nashrning qayd etishicha, shuningdek, akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihalaridagi 85 mingga yaqin va quyosh panellari ishlab chiqarishdagi 58 mingga yaqin ish o‘rni ham xavf ostida turibdi. Shu bilan birga, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish chora-tadbirlari tufayli po‘lat quyish sohasida 4,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi mumkinligi da’vo qilinmoqda. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, YeIning ishlab chiqarish sektorida qariyb 30 million kishi, xizmat ko‘rsatish sohasida esa deyarli 87 million kishi mehnat qiladi.
Bungacha Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy AQSHni Yaqin Sharqdagi nizoni qasddan cho‘zishda ayblagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘z pozitsiyasini doimiy ravishda o‘zgartirib kelmoqda, yangi yoki bir-biriga zid talablarni ilgari surmoqda va OAV orqali kelishilmagan xabarlarni tarqatmoqda. Bularning barchasi, tabiiyki, muzokaralar jarayonini sekinlashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq urushning 94-kuniga kelib Eron bilan nizoning AQSH uchun qiymati 100 milliard dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi