Senat san’atkorlardan norozi: Madaniyat vazirligiga senator so‘rovi yuborildi
Madaniyat-san’at
−
17 Sentabr 2020
15468O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarga muvofiq O‘zbekistonda pandemiya davrida to‘y va oilaviy marosimlarni 30 kishidan oshmagan tartibda o‘tkazishga ruxsat berilgan. Biroq, o‘tgan vaqt davomida “Bravo” jamoasi a’zosi Ahmad Temurov va xonanda Vohidjon Isoqov karantin qoidalariga zid ravishda to‘y o‘tkazdi. Bu uchun ular jarimaga tortildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev Madaniyat vazirligiga san’atkorlar masalasida Senat so‘rovi yuborilganini ma’lum qildi.
“Albatta, yoshlarimizni yangi oila ostonasiga qadam qo‘yganliklari bilan tabriklayman. Ammo koronavirus balosi hali o‘z ta’sir kuchini ko‘rsatib, kundan-kunga kasallanish ortib borayotgan bir vaqtda maxsus komissiya talablariga zid ravishda 30 kishidan ortiq mehmonlarni yig‘ib, karantin tartib qoidalarga rioya etmaslik va oxir-oqibat yaqinlarimizning sog‘lig‘ini, hayotini xavf ostiga qo‘yish to‘g‘rimi?
Tabriklash uchun kelgan o‘ndan ortiq san’atkorlarimiz hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganligini tarqalgan video va fotolardan yaqqol ko‘rinib turibdi.
Axmad Temurov, Vohidjon Isoqov o‘rnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq bunday xatti-harakatlar “tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday to‘y o‘tkazib, belgilangan jarimani to‘lab ketish bilan osongina qutulish mumkin” degan noto‘g‘ri xulosalar shakllanshiga sabab bo‘lishi yomon. Qolaversa, bunday tadbirlar kasallik tarqalishiga olib kelmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi.
Axir xalq ko‘z o‘ngida yurgan, san’at olamiga daxldor odam boshqalardan ko‘ra madaniyatliroq bo‘lishi, kerak bo‘lsa, jamiyatidagi xayrli ishlar va yangiliklarni amalga oshirishga ko‘proq hissa qo‘shib, yoshlarga o‘rnak ko‘rsatishi kerak emasmi?
Bu kabi ko‘ra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina ma’lum bir miqdorda jarima to‘lash bilan qutulishi yetarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash ko‘rinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru-harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq”, deydi Baxtiyor Sayfullayev.
Sobiq Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Senator so‘rovi yuborilgan va mazkur masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan.
LiveBarchasi