Tataristondagi fojia: 8 nafar o‘zbekistonlikning o‘limi ortidan maxsus Hukumat komissiyasi tuzildi
3-sahifa
−
10 avgust 9904 2 daqiqa
Bugun, 10 avgust kuni ertalab Ukraina dronlari tomonidan Tataristonga qilingan hujum oqibatida o‘zbekistonlik qurbonlar soni 1 taga ko‘payib, 8 nafarga yetdi. Shuningdek, mazkur hodisa yuzasidan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazirning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasi tuzilishi belgilandi. Bu haqda Favqulotda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu hodisa oqibatida Nijnekamsk shahri hududida faoliyat yuritgan qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan jami 8 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgan hamda yana bir nechta o‘zbekistonliklar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazir Abdulla Aripovning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan.
Unga ko‘ra, Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarining holidan xabar olish va ularga barcha zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarni esa havo transportida maxsus reys orqali olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek, ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.
Shu bilan birga, farmoyishga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Maxsus ishchi guruh Rossiya Federatsiyasiga yuborilib, barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirda hodisa joyiga O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari yetib borib, rossiyalik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lgan holda, hamkorlikda tezkor chora-tadbirlarni ko‘rmoqda”, deyiladi vazirlik axborotnomasida.
FVV jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risida tezkor ma’lumot olish uchun mamlakatning Qozon shahridagi Bosh konsuli (+79656007979) hamda Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi (+79257508757; +9251270002) telefon raqamlariga murojaat qilish mumkinligini bildirgan.
Avvalroq, 10 avgust kuni ertalab Ukraina dronlari Tataristonning Nijnekamsk shahriga hujum qilgani, buning oqibatida esa dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 13 nafar odam halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Shuningdek, halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari borligi ham aytilgandi.
Keyinchalik O‘zbekistonning Qozon shahridagi konsulxonasi Telegram-kanalida mazkur hujum oqibatida 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi