Prezident Namanganda o‘quvchilar ishtirokidagi YTHlar ko‘payganini tanqid qildi

Jamiyat

image

Bugun, 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida viloyatlarda, ayniqsa, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida har oyda 10-15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolayotgani, o‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p ekani qayd etildi.

Ichki ishlar boshliqlari, viloyat, tuman prokurorlari qonun ustuvorligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.

Shuningdek, hozirda 7-11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani maktab direktori va muallimni ham, ota-onalarni ham o‘ylantirishi zarurligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 aprel kuni Namangan viloyatining Davlatobod tumanida maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi Nexia-3 yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. Surishtiruv ishlari davomida ma’lum bo‘lishicha, 11-sinf o‘quvchisi avtomobilni 9-sinf o‘quvchilariga 2 soatga, 220 ming so‘m evaziga ijaraga bergan.

15 aprel kuni esa Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanidagi 70- sonli maktabning 2 nafar 8-sinf o‘quvchisi Telegramʼdagi avtomashinalarni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi guruhdan Spark avtomashinasini 1 million so‘m evaziga 8 soatga ijaraga olgan.

Ular mashinani katta tezlikda boshqarib ketayotganida yo‘l chetidagi beton to‘siqqa borib urilgan. YTH oqibatida bolalar turli tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Bu hodisalar ortidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov mamlakatda avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning oqibatida kelib chiqayotgan og‘ir vaziyatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Rustamovich Mahkamov hamda Ichki ishlar vaziri Aziz Anvarovich Toshpo‘latovga deputat so‘rovi bilan murojaat qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoyev YTH Namangan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing