Mirziyoyevani Qoraqalpog‘istonda qanday muammolar kutib turibdi?
Jamiyat
−
07 Sentabr
39458Qoraqalpog‘istonda qanday muammolar bor? Joriy yilning 19 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishni shaxsan qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyevaga topshirgan edi. Xo‘sh, Mirziyoyeva hududning rivojlanishi uchun qaysi muammolarga yechim topishi kerak? QALAMPIR.UZ buni qoraqalpog‘istonliklarning o‘zidan so‘raydi.
“Bizda ishsizlik bor. Bundan tashqari, chekka qishloqlarni gaz va chiroq o‘chishi muammosi qiynaydi. Shuningdek, yo‘llar ta’mirtalab. Qayoqqa qaramang, yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir”, dedi qoraqalpog‘istonliklardan biri.
“Qoraqalpog‘istonda ishsizlik ko‘p hozir. Odamlar ishlayman desa, topsa bo‘ladi, lekin baribir yana ish o‘rnini ko‘paytirish kerak. Masalan, men oshpazman. Biz uchun ham yaxshi, rasmiy hujjat asosida ish ko‘paysa, yaxshi bo‘lardi. Biz hozir norasmiy tarzda restoranda ishlaymiz. Shunday ishlarni ham rasmiylashtirishning imkoni bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi”, dedi yana bir fuqaro.
“Qoraqalpoqlarni birinchi o‘rinda ishsizlik qiynamoqda. Ko‘p odam oliy o‘quv yurtlarida o‘qib, diplom olib ish topay, deb o‘qiyapti. Lekin ish topolmayapti”, dedi boshqa bir respondent.
Savolimizga javob bergan yo‘lovchilardan yana biri esa Qoraqalpog‘istondagi eng katta muammo suvsizlik ekanini aytdi. Uning gapini esa boshqasi tasdiqladi.
“Yo‘l, “svet” va gaz muammolari bor. Bundan tashqari hamma narsa qimmat”, dedi bozordagi xaridorlardan biri.
Ammo ayrim qoraqalpoqlar uchun muammo yo‘q. Ular hududdagi muammolarni “katta emas” deb hisoblaydi.
“Bizda tez tibbiy xizmat bemalol kelib, bemalol ketadi. Yo‘llar bemalol, avtobuslar qatnovi ham bemalol. Pensiyalar vaqtida beriladi. “Svet” va gaz o‘chmaydi. Hamma narsa o‘z o‘rnida”, dedi Nukusda yashovchi ayol.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo qoraqalpoqlarining Nukusda yig‘ilishi bo‘yicha videoreportaj e’lon qilingan edi.
Hulkar Murtazoyeva