G‘aniyevning Matbuot kotibi “janozasini o‘qimaysanmi” degan gapni izohladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joriy yilning dekabr oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuv Farg‘ona viloyati hokimiga tegishli ekani haqida rasmiy bayonot bergan edi. Biroq, Bosh prokuraturaning o‘rganishlariga qadar Farg‘ona viloyati hokimligi Matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov chiqish qilib, o‘z videomurojaatida ushbu audioyozuv “Ozodlik” radiosi tomonidan ovoz o‘zgartirish yo‘li bilan tarqatilganini iddao qilgan edi

Bosh prokuratura bayonotidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist va Matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Obidovga nisbatan e’tirozlar ortdi. Uni masalaning mohiyatiga yetmay turib, yolg‘on axborot tarqatganlikda, Matbuot xizmati rahbari sifatida masalaga xolis baho berish o‘rniga, advokatlik libosini kiyganlikda ayblashdi. O‘z navbatdagi Obidov Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatining Telegram’dagi rasmiy kanalida shaxsiy bayonotini e’lon qildi.

“Barchangizni kirib kelayotgan yangi, 2020 yil bilan tabriklayman. Yangi yil vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, adolat, xolislik, til va dil birligi hamda odob yili bo‘lsin”, deb boshlanadi ushbu bayonot. 

Obidov so‘zini davom ettirib, masalaga bergan birinchi munosabati shaxsiy fikri bo‘lmagani, unda hokimlik nuqtai nazari ifodalangani va ovozli yozuv tarqalganda o‘zi Isroilda bo‘lganini urg‘ulaydi. 

“O‘zbekiston Prokuraturasining Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev haqidagi Bayonotidan so‘ng internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda hokimlik Axborot xizmati rahbari sifatida meni muhokama qilish avj oldi. Shu yuzasidan quyidagilarni bildiraman.

Birinchidan, Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmatining Bayonoti muayyan shaxs, ushbu xolatda Muhammadjon Obidovning emas, o‘z nomi bilan aytilganidek, hokimlik munosabatidir.

Ikkinchidan, Shuhrat G‘aniyevniki deb ta’kidlanayotgan ovoz 2 dekabrda yozib olingani iddao qilinadi. Shu kuni kamina Isroilda, xizmat safarida edim va tabiiyki, Axborot xizmatining Bayonoti hokimlik ma’lumotiga asoslangan. 

Uchinchidan, “Ozodlik” tarqatgan Shuhrat G‘aniyevniki deb ta’kidlanayotgan audioyozuvdagi ovozda na “bloger” degan so‘z bor, na “taxdidli ibora” biron bir blogerga nisbatan yo‘naltirilmagan. Shunga qaramay, “Ozodlik” maqola sarlavhasiga “Farg‘ona hokimi blogerning “janozasini o‘qish”ni buyurdi”, degan yolg‘on so‘zlarni chiqardi. Hokimlik Axborot xizmati Bayonoti e’lon qilishda “Ozodlik”ning ilgari ham, ayni shu xolatda ham noxolis yondoshuvi va soxtagarchilik qilayotgani inobatga olingan”, deydi Obidov.

Muhammadjon Obidov yana fikrini davom ettiradi va bu safar hokimning “janozasini o‘qimaysanmi” degan gapini uning o‘zigagina xosligini, buni viloyatda uni yaxshi tanigan-bilganlar yaxshi bilishini aytadi. 
 
“Shuhrat G‘aniyevni uzoq yillardan buyon tanib-bilganlarga ma’lumki, u biron bir muammo to‘liq xal bo‘ldimi, demoqchi bo‘lganida ba’zan “muammoning janozasi o‘qildimi” degan iborani ham ishlatib turadi. Lekin bu iborani aniq shaxsga nisbatan ishlatganini eshitmaganman. Shuning uchun “Ozodlik” Shuhrat G‘aniyevning ovozi deb tarqatgan audioyozuvdagi ibora gaz yoki elektr muammosi xal etildimi, degan ma’noda bildirilgan bo‘lishi ham mumkin”, deydi jurnalist.

Muhammadjon Obidovning yuqoridagi fikrlarini o‘qib turib kishida shunday savol tug‘iladi: Obidovning aytayotganlari rost ham deylik, lekin nega bu gaplarni u birinchi bayonotning o‘zidayoq aytib qo‘ya qolmadi? Matbuot xizmati rahbarining vazifasi hokim va hokimlik o‘z nuqtai nazariga moslab yozib bergan matnni o‘qib berish emas, balki masalaga xolis yondashib, vaziyatga oydinlik kiritish. Modomiki, u Isroilda bo‘lgan va selektorda qatnashmagan bo‘lsa, nega o‘zi bosh-qosh bo‘lmagan masalaga javob beradi? 

Obidov bayonoti so‘ngida o‘z iste’fosi haqida ham so‘z ochgan. 

“Men umr bo‘yi jurnalistika bilan yashadim, ilgari biron kun ham hokimiyat yoki davlat boshqaruvi idoralarida ishlamaganman. Mening iste’foimni kutayotganlarga aytmoqchimanki, xech qachon hokimlikning Axborot xizmatiga “yopishib” olganim yo‘q. Faoliyatimdan qoniqmagan ish beruvchi istagan vaqtda mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin.

Yangi yilni hush kayfiyatda kutib olishingizni tilayman”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, u o‘tgan safargi bayonotida shunday degan edi: 

“Ozodlik” Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan navbatdagi tuhmatini e’lon qilgan. 2 dekabrda aytilgan deb iddao qilinayotgan audio yozuvdagi ovozi o‘xshatilgan so‘zlar biron bir selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev tomonidan aytilmagan. Shuhrat G‘aniyev jurnalist yoki blogerlarga nisbatan bosim yoki tazyiq o‘tkazmagan, Quva tumani hokimiga bu haqda hech qachon tanbeh bermagan.

Audioyozuv o‘xshatma ovozning qo‘pol montajidan boshqa narsa emas.

Hurmatli internet foydalanuvchilari, hamkasb jurnalistlar, blogerlar! “Ozodlik”ning o‘yiniga uchmang, uning tuhmatlariga ishonmang. Agar “Ozodlik”da bunday haqiqiy ovoz bo‘lganida edi, u o‘zi iddao qilishicha 2 dekabrdan buyon uni ushlab turmas edi”.


Maqola muallifi

Teglar

Shuhrat G'aniev Muhammadjon Obidov

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing