Shuhrat G‘aniyev dam olish kuni majlis o‘tkazdi. Vazirlik buning qonuniyligini aytmoqda
Jamiyat
−
20 aprel 2021
15237Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 18 aprel, yakshanba kuni soat 18:00 da Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev rahbarligida qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan. O‘zbekiston Mehnat vazirligi holat yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan videoselektorda ishtirok etgan barcha tashkilot xodimlari o‘z mehnat vazifalariga kiradigan masalalar yuzasidan dam olish kunida ishga jalb qilingan.
Vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida tegishli hokimiyat, vazirlik va idoralarga dam olish kunida xodimlarni ishga jalb qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirish hamda tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq, ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlarida xodimlar ishga jalb qilinganda ularga mazkur tashkilotning jamoa shartnomasida belgilangan, lekin kamida ikki hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanishi lozim.
Yoxud ishdan tashqari ish vaqtida yoki dam olish kunida ishga jalb qilingan xodimlarga ish soatlariga mutanosib ravishda otgul (qo‘shimcha dam olish kuni) berilgan bo‘lsa, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorida mehnat haqi to‘lanadi.
Shu bilan birga, vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan hozirgi kunga qadar ishdan tashqari va dam olish kunlarida xodimlarni ishga jalb qilish yuzasidan 300 dan ortiq monitoringlar o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganishlar davomida qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida tashkilot va idoralarga 150 dan ortiq yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.
LiveBarchasi