Farg‘onaning yangi hokimi matbuotdagi tanqidlarni bemalol qabul qilishini aytdi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2020
12150Farg‘onaning yangi hokimi Xayrullo Bozorov matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi xolis va asosli tanqidlarni bemalol qabul qilishini aytdi. Shuningdek, u jamoatchilik nazoratini kuchaytirish taklifini ilgari surgan. U bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida gapirgan.
“Dastlab Farg‘ona, Qo‘qon shaharlarida “xalq nazorati” platformasini ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Aholi uchun bu muloqot maydoni bo‘ladi. Ular hududdagi muammolarni bemalol ayta olsin. Mutasaddi rahbarlar esa ularni hal etish choralari ko‘rishi lozim. Shuningdek, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda xolis, asosli tanqid bo‘lsa, biz bemalol qabul qilamiz”, degan Bozorov.
Qayd etilishicha, viloyatdagi sektorlar, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari endi ochiqlik asosida ishlaydi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish barobarida ijtimoiy tarmoqlar orqali ham murojaatlarni qabul qiladi. Kabinetda o‘tirmasdan hududlarga borib, yo‘nalishlar bo‘yicha muammolarni o‘rganadi, ularni hal etish choralarini ko‘radi.
“Viloyat, shahar va tumanlarda “Tadbirkorlar uyi” tashkil etilib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorning muammosi shu yerda yechim topadi. Istiqbolli loyihalar, biznes-rejalar ishlab chiqiladi.
Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan ishlash, hududlarni obod etish, aholi bandligini ta’minlash, uy-joy qurilishi va boshqa sohalarda olib borilayotgan ishlarning talab darajasida emasligini misollar orqali bildirdi”, deyiladi rasmiy axborotda.
Ta’kidlanishicha, birinchi marta mamlakatimizdagi tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganilib, tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o‘rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Afsuski, viloyatdagi Furqat, Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlari “qoniqarsiz” deb topilgan. Ayni kunlarda mazkur hududlardagi muammolarni hal etish tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalar uchun daromad manbaini topib berishga yordam berish barcha sektor rahbarlarining kundalik ish tartibidan joy olishi kerakligi ta’kidlangan.
Qayd etish o‘rinliki, bungacha Farg‘ona viloyati hokimi bo‘lib ishlagan Shuhrat G‘aniyev va jurnalistlar o‘rtasida bir necha bor kelishmovchiliklar ro‘y bergan. Hatto, hokim Senatning Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida o‘tinib uzr so‘rashgacha borgan.
LiveBarchasi