Hokimliklar Mustaqillik bayramiga qancha mablag‘ sarflamoqchi?
Jamiyat
−
30 avgust
7040O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan Mustaqillik bayramiga viloyat hokimliklari tomonidan qancha summa sarflanishi ochiqlandi. Bu haqda viloyat hokimlarining tegishli farmoyishlari chiqarildi.
Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov tomonidan imzolangan farmoyishda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi tomonidan viloyat byudjetining 2024 yil II chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan viloyat Madaniyat boshqarmasiga Mustaqillik bayrami tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 704 million so‘m mablag‘ ajratish kerakligi belgilangan. Unda ushbu mablag‘ni ajratish kechiktirib bo‘lmaydigan chora sifatida baholanishi kerakligi ta’kidlangan.
Toshkent viloyati hokimligi esa O‘zbekistonning 33 yilligi uchun 400 million so‘m sarflashni reja qilgan. Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ishlatiladigan bu pullar viloyat mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Madaniyat boshqarmasiga ajratilishi keltirilgan. Farmoyish viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan.
Farg‘ona viloyati hokimligi esa viloyat hokimi Xayrullo Bozorov imzosi bilan tasdiqlangan farmoyish asosida davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining yakuniy viloyat bosqichini tashkil etish va tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun viloyat mahalliy byudjetining 2024 yilgi zaxira jamg‘armasi hisobidan Madaniyat boshqarmasiga 68 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham viloyatda Mustaqillikning 33 yillik tadbirini tashkillashtirishga byudjetdan salkam 1 milliard so‘m ajratish haqida farmoyish chiqargan. Toshkent, Surxondaryo hamda Farg‘ona viloyatlari hokimliklaridan farqli o‘laroq, Andijon hokimligi ushbu mablag‘larni nimalar uchun sarflanishini keltirib o‘tgan. Ya’ni, umumiy ajratilgan 860 million so‘mning 500 million so‘mi sahna ekrani, ovoz kuchaytirgich, “svet” hamda dim uchun, 100 million so‘m qismi esa bezaklar uchun, 200 million so‘m esa mushak hamda alohida katta ekran uchun sarflanadi. Pulning qolgan 60 million so‘mi 24 nafar oddiy raqqosa va 8 nafar maqom raqqosasi kiyadigan ko‘ylaklarni sotib olishga sarfladi. Hokimlik Xonobod shahrida joriy yilning 29-31 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivaliga barcha manbalar hisobidan jami 6 milliard so‘m mablag‘ sarflaganini ma’lum qilgan edi.
Bayramga katta pul sarflayotgan hokimliklar orasida Qashqadaryo viloyati ham bor. Viloyat hokimi Murodjon Azimov chiqargan farmoyish bilan tadbirlarga 903 million so‘m ajratilgan. Mablag‘ning 331 million so‘mi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan bayram tadbirida viloyat jamoasini ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar (borib-kelish, avtobus ijarasi, mehmonxona va ovqatlanish) uchun sarf qilinadi. Qolgan 572,7 million so‘m esa viloyatdagi tashkiliy ishlarga yo‘naltiriladi. Ya’ni, led monitor, ferveyk, sveto-muzika, sahna podiumi, lazer va dim, ovoz kuchaytirgich, pushka ijarasi, polovik, 20 nafar raqqosa va tadbirni tayyorlagan mutaxassislarning xizmat haqi, ovoz yozish xarajatlari, 2000 ta geliyli sharlar, tabiiy gullar bilan bezash, banner xarajatlari, bayram tabriknomalarini tayyorlash uchun ishlatiladi.
Tadbir uchun eng katta summa yo‘naltirgan hokimlardan yana biri Jizzax viloyati bo‘lib, viloyat hokimligi ajratgan mablag‘ rekord daraja qayd etmoqda – 1 milliard 540 million 3 ming so‘m. Viloyat hokimligi Jizzax shahrida joylashgan “O‘rda” bog‘ida o‘tkaziladigan Mustaqillik bayrami bilan bog‘liq tadbirlar uchun ajratilgan summalar haqida ma’lumot berar ekan, ularning smetasini ham ochiqlagan:
- Viloyatga Toshkent shahridan tashrif buyuradigan taniqli bir guruh san’atkorlar uchun gonorar – 325 million so‘m. San’atkorlar 5 nafar bo‘lib, har biriga 65 million so‘mdan beriladi;
- 1 nafar ovoz rejissyori uchun 10 million so‘m.
Hokimlikning byudjet hisobidan Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tadigan asosiy bayram tantanalarida ishtirok etadigan viloyat ijodiy jamoasi uchun esa:
- Bayram bosh sahnasida qatnashuvchi 28 nafar ijodiy guruhning har biriga mehmonxona, tushlik hamda kechki ovqat uchun 390 ming so‘mdan 10 millon 920 ming so‘m, 25 kunlik ijara uchun esa 262 million 80 ming so‘m, umumiy hisobda 273 million so‘m;
- 50 dona 380 ming so‘mlik (donasi, kuniga) LED BAR dekorativ chiroqlar ijara uchun – 19 million so‘m;
- 48 dona 670 ming so‘mlik (donasi, kuniga) BEAM 330W rangli chiroqlar ijarasiga – 32 million 160 ming so‘m;
- 12 dona 1 million 540 ming so‘mlik (donasi, kuniga) chaqmoq salyut (Iskta fontan)ga – 18 million 480 ming so‘m;
- 50 dona 380 ming so‘mlik (donasi, kuniga) Zalivka LED BAR sahna yoritish chiroqlari uchun – 19 million so‘m;
- 8 dona 1 million 650 ming so‘mlik (donasi, kuniga) HAZER H2-03 dekorativ tutun uchun – 13 million 200 ming so‘m;
- 40 dona 670 ming so‘mlik (donasi, kuniga) Led Wash Mini B-eye chiroqlari ijarasiga – 26 million 800 ming so‘m;
- 300 dona 215 ming so‘mlik (kv.m) Led ekranlarini o‘rnatish uchun metallkonstruksiya xizmati – 64 million 500 ming so‘m;
- 66 ta 270 ming so‘mlik (metr) Allumin ferma Tech Truss ijarasiga – 17 million 820 ming so‘m;
- Mode Tech Team mexanizm lebedka konstruksiyasi 2 tonna – 7 million 800 ming so‘m;
- Alumin fermani kuzatuvchi mexanizm ijarasiga – 12 million so‘m;
- Video protsessor ijarasiga – 5 million so‘m;
- Ekran va chiroqlarni boshqaruvchi xodimlar uchun – 3 million so‘m;
- Chiroqlarni boshqarish pulti ijarasi – 8 million so‘m;
- Bayram salyuti uchun esa 200 million so‘m ajratilgan.
LiveBarchasi