Tatyana Karimova Islom Karimovning milliy armiyani tuzishdagi sa’y-harakatlarini esladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich mamlakat harakatchan, uyushqoq va tezkor armiyaga ega zamonaviy rivojlangan davlatlar qatoriga kirishiga doimo intilib kelgan. Bu haqda uning turmush o‘rtog‘i Tatyana Akbarovna Karimova “Islom Karimov – Milliy armiya asoschisi” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatidagi nutqida so‘zlab berdi.

“Birinchi Prezidentimiz Oliy Bosh qo‘mondon sifatida mustaqilligimizning ilk kunlaridan keyingi chorak asr davomida mamlakat yaxlitligi va xavfsizligining kafolatiga aylangan, O‘zbekiston tinchligini ta’minlagan Qurolli Kuchlarni barpo etish va isloh qilish borasida ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirdi”, degan Tatyana Karimova.

U so‘zida davom etib, Islom Karimov har bir askar, serjant va zobitni juda qadrlaganini aytib o‘tdi.

“Men Islom Abdug‘aniyevichning rafiqasi sifatida shuni aytishim mumkinki, u har bir askar, serjant, ofitser hayotini yuksak qadrlagan, armiyamizda xizmat qilayotgan jismonan va ma’naviy barkamol yoshlardan yuksak faxr tuyg‘usini his qilgan. Askarlar bilan uchrashganida esa hammani o‘z farzandlarim deb atagan. 2000 yil yozida, xalqaro terrorchilar to‘dalari hududimizga bostirib kirgan Sariosiy voqealari chog‘ida maxsus operativ kuchlar bo‘linmalariga tashrifi chog‘ida aynan shunday xitob qilgan edi. O‘shanda u o‘zining shaxsiy ishtiroki bilan askarlarimizni ruhlantira oldi, ularda butun yurtimiz, Prezidentimiz ular bilan ekaniga ishonch uyg‘ota oldi”, deydi xonim Karimova.

Tatyana Karimovaning ta’kidlashicha, zamonaviy armiyani shakllantirishning asosida doimo tinchlik va aralashmaslik tamoyili bo‘lgan va bo‘ladi.

“Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy harbiy bazalar va ob’ektlarning joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik va chet eldagi tinchlikparvar operatsiyalarda ishtirok etmaslik mamlakatimizning prinsipial pozitsiyasi bo‘lib kelgan va shunga sodiq bo‘lib qoladi. Bugun tinch va osoyishta hayotimizni ishonchli himoya qilayotgan, sarhadlarimiz daxlsizligining mustahkam qalqoni bo‘lib xizmat qilayotgan, texnika va harbiy mahorat bilan hech kimdan kam bo‘lmagan Qurolli Kuchlarimiz bor.

Harbiy xizmatchilarimizning Milliy armiyamiz asoschisi va bosh islohotchisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshlagan va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan davom ettirilgan mustaqil taraqqiyot yo‘lini munosib himoya qilishga doimo shayligi barchamizda buyuk g‘amxo‘rlik, g‘urur, osoyishtalik va O‘zbekistonda tinch hayotga ishonch tuyg‘ularini yuksaltirmoqda.

Aziz do‘stlar! Barchangizga sihat-salomatlik, xizmatingizda muvaffaqiyatlar, baxt va farovonlik, Vatanimizga xizmat qilish yo‘lida kuch va g‘ayrat tilayman! Yurtimiz esa tinch va farovon bo‘lsin!”, degan Tat’yana Karimova.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1938 yil 30 yanvar kuni Samarqandda tavallud topgan. U 2016 yil 2 sentyabr kuni vafot etgan. 

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgan birinchi kundan Islom Karimovning ezgu ishlari davom ettirilishini aytgan edi, uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qildi, maqbarasi barpo etildi. Birinchi Prezident tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash an’anaga aylandi.

Bugun, 30 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida hukumat a’zolari, Oliy Majlis palatalari vakillari va Prezident Administratsiyasi a’zolari Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.

Samarqandda esa viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov

Baholaganlar

291

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing