Tashiyev deputatga mandatidan mahrum qilish bilan tahdid qildi (video)

Olam

image

Kecha, 19 mart kuni Qirg‘izistonda parlament yig‘ilishida Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Qamchibek Tashiyev va deputat Sultonboy Ayjigitov Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi bo‘yicha bitim va Dostuk qishlog‘ining Tojikistonga berilishi bo‘yicha tortishib qoldi. Bu haqda “Kloop” xabar berdi.

Tashiyevning aytishicha, Ayjigitovning tanqidiy bayonotidan so‘ng u deputat haqida ma’lumot to‘plagan. Uning ta’kidlashicha, 2022 yilgi qurolli mojaro ortidan Ayjigitov hech qachon Botken viloyatiga bormagan. Shuningdek, Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, deputatning yagona tajribasi atigi olti yil MXXda ishlagani bilan cheklanadi. Tashiyev shuningdek, 2017 yilda Ayjigitov bolani urganini aytdi. 

“Sizning sudlarda ishlovchi qarindoshlaringiz “bezorilik” moddasi bo‘yicha ochilgan ishni boshqa modda bilan almashtirdi va muddati o‘tib ketgani uchun ishni yopishdi. Shu tariqa siz javobgarlikdan qochdingiz”, dedi Tashiyev.

U, shuningdek, deputat parlamentga nomzodini qo‘yishdan oldin Markaziy saylov komissiyasiga sudlangani to‘g‘risida ma’lumot taqdim etmaganini aytib, deputatlar oldida unga mandatdan mahrum qilinishi ehtimoli haqida ogohlantirgan.

“Chegara bo‘yicha bitim ratifikatsiya qilingandan diplomatik notalar almashilib, qonun kuchga kirgandan so‘ng, men Ayjigitovning anketa ma’lumotlarida faktlarni yashirgani bo‘yicha MSKga yana bir bor so‘rov yuboraman. Bu – qonun talabi”, dedi u.

Tashiyev, shuningdek, Ayjigitov Dostuk qishlog‘iga na Botken viloyati hokimi bo‘lib ishlaganida, na deputat bo‘lganida bormaganini ta’kidlagan.

Bunga javoban Ayjigitov Tashiyev “tribunadan loy chaplash bilan shug‘ullangani”ni aytgan. U hozirgi vaziyatda Tashiyev tomonda kuch, pul va resurslar borligini ta’kidlab, unda istagan gapni gapirishga imkoniyat borligini bildirgan. Deputat o‘zining sudlanmaganini ta’kidlab, Tashiyevning uni bolani urganlikda ayblashini “bo‘sh gaplar” deb atagan.

“Tergovchilar mening aybimni isbotlay olmadi va ishni cho‘zdi. Masala dolzarbligini yo‘qotgani va muddat tugagani sababli ish yopildi. Menda hech qanday sudlanganlik yo‘q, u yopilgan. MSK nomzodlar haqida ma’lumot so‘raydi. Unga, ehtimol, ish yopilgani haqida javob berishgan”, dedi u.

Ayjigitov o‘z vaqtida Tashiyevga nisbatan ham jinoyat ishi ochilganini eslatib o‘tgan.

Qo‘shnining haqqi. Markaziy Osiyoda yongan olovni Mirziyoyev o‘chirdimi? north_east

Qo‘shnining haqqi. Markaziy Osiyoda yongan olovni Mirziyoyev o‘chirdimi?

“Masalan, sizga nisbatan ham maxsus davlat ishi ochilgan, hatto Prezidentga ham. Ammo sizlar ham ishni yopdingiz va sudlanganlikni olib tashladingiz. Menda ham sudlanganlik darhol bekor qilindi. Birovning ko‘zidagi g‘uborni ko‘rib, o‘zingizning ko‘zingizdagini sezmayapsiz”, deb javob bergan deputat.

Shundan so‘ng parlament qo‘mitalari va parlamentning o‘zi Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilgan. Ayjigitov esa ovoz berish jarayonida bitimga qarshi chiqqan yagona deputat bo‘lgan.

Keyin deputat Tashiyevni teledebatlarga taklif qilib, uning orqasida butun davlat mashinasi turganini ta’kidlagan.

“Sizda qo‘rqadigan hech narsa yo‘q, men esa yolg‘izman, ehtimol, faqat xalq bor. Chegara masalasi hal bo‘ldi, vaqt hamma narsani o‘z joyiga qo‘yadi”, dedi u.

Bunga javoban Tashiyev Ayjigitovga qarshi teledebatlarga chiqadigan tashkilot MSK bo‘lishini aytgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 5 mart kuni deputat Sultonboy Ayjigitov parlamentda so‘zga chiqib, Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi bo‘yicha bitim doirasida Dostuk qishlog‘ining Tojikistonga berilishiga qarshi chiqqan. Shuningdek, hujjat imzolangach, qo‘shni davlat Vorux anklaviga yo‘l ochib olishini aytgan.

Shundan so‘ng, “Iyman Nuru” fraksiyasi rahbari Dinara Ashimova Ayjigitov o‘z bayonotini hamkasblari bilan muhokama qilmaganini bildirgan. Natijada uni “Iyman Nuru” fraksiyasidan chiqarib yuborishgan.

13 mart kuni Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari chegara bo‘yicha delimitatsiya va demarkatsiya to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Keyin, 19 mart kuni parlament yig‘ilishida Ayjigitov Ashimovani prokuraturaga berish bilan tahdid qildi. U hamkasbining uni fraksiyadan chiqarish qarorini “deputatlik pozitsiyasini mustaqil ifodalagani uchun vakolatdan oshib ketish” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston MXX Qamchibek Tashiev Sultonboy Ayjigitov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing