Qo‘shnining haqqi. Markaziy Osiyoda yongan olovni Mirziyoyev o‘chirdimi?
Tahlil
−
14 mart
15695Qo‘shning tinch, sen tinch. Bu shunchaki keksalardan qolgan dono maqol emas. Bu qaysidir ma’noda O‘zbekistonning shiori ham. Ammo Sobiq SSSRning ayyorona hiylasi, ya’ni chegaralarning o‘ta murakkab, muammoli chizilishi sabab O‘zbekiston ham, boshqa qo‘shni qardosh mamlakatlar ham bu shiorga necha-necha yillar amal qilolmagan. Bir-biriga qondosh, qardosh qo‘shni xalqlar shu chegaralar sabab o‘zaro to‘qnashuvlar, otishmalar qilgan, oqibatda dushmanlashish, chegaralarni yopish, minalash darajasigacha borgan. Lekin uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarining bir-birining yuziga ters yopib qo‘yilgan darvozalari aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan sekin-asta ochila boshlagandi. Bu an’anani Tojikiston va Qirg‘iziston davom ettirmoqda. Xushxabar, 2021 yilda yopib qo‘yilgan Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi ochildi. 13 mart kuni Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Imomali Rahmon va Sadir Japarov Qirg‘iziston Respublikasi hamda Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ushbu tarixiy voqea Bishkekda, Imomali Rahmonning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida sodir bo‘ldi.
“Bugun biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegara masalalari bo‘yicha tarixiy qarorni qabul qilmoqdamiz. Bugun imzolangan salmoqli hujjatlar to‘plami orqali tojik-qirg‘iz munosabatlarida yangi sahifa ochamiz”, dedi Imomali Rahmon muzokaralar avvalida.
O‘z navbatida, Sadir Japarov Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi va demarkatsiyasi bo‘yicha hukumat komissiyalarining samarali faoliyatini alohida ta’kidlagan.
Shuningdek, Prezidentlar onlayn rejimda “Qizil-Bel – avtomobil yo‘li” va “Qayrag‘och – avtomobil yo‘li” nazorat-o‘tkazish punktlarini birgalikda ochib berdi.
O‘zi bu chegara nima sabab yopiq edi?
Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy chegarasi 1006,84 kilometrni tashkil qiladi. Shundan 308 kilometri uzoq yillar davomida aniq belgilab olinmagan. SSSR muallifligida chizilgan Markaziy Osiyo davlatlari xaritalarida atayin nizoli hududlar tashlab ketilgan, bu esa kichik davlatlarni doimo Rossiyaga bog‘lab turishi kerak edi. Kutilganidek, SSSR parchalanganidan keyin tomonlar o‘nlab bahsli hududlarga egalik qilish bo‘yicha kelisha olishmadi. Chegaralanmagan hududlar mahalliy aholi o‘rtasidagi to‘qnashuv hududiga aylandi, bunga ikki davlat chegarachilari jalb qilingan. Tojikiston 1992-1997 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushi oqibatlarini yengib o‘tganidan keyin navbatdagi to‘qnashuvlarning oldini olish uchun 2002 yildan Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni boshlandi. Muzokaralar Tojikiston o‘z pozitsiyasida 1924-1939 yillardagi xaritalarga, Qirg‘iziston esa 1958-1959 va 1989 yillardagi xaritalarga tayanishi tufayli murakkab tus olgan. So‘nggi 20 yil mobaynida ikki davlat chegarasida qariyb 100 marta to‘qnashuv kelib chiqqan, ikki tomonning ham qurbonlari soni oshgandan oshib boravergan, ikki xalq bir-birini qirgan.
Biz yuqorida aytgan chegara ham 2021 yildagi to‘qnashuvlar sabab yopib qo‘yilgandi.
O‘sha yili 29 aprel kuni Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi Ko‘ktosh qishlog‘ida tojik tarafi oddiy stolbaga suv taqsimotini kuzatish uchun kamera o‘rnatishi ortidan mahalliy aholi o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Ammo tez fursatda u kattalashib ketgan.
Ushbu holat bo‘yicha tomonlar nizoda bir-birini ayblagan. Qirg‘izistondagi uchta qishloq hududida favqulodda rejim joriy qilingan. Qirg‘iziston chegara xizmati xabar berishicha, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi harbiy qismlar o‘rtasida otishma boshlangan. Otishmalar oqibatida ikki tomondan 55 kishi halok bo‘lib, 205 kishi yaralangan.
Shundan so‘ng oraga O‘zbekiston aralashib, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga bosh-qosh bo‘lib turdi.
O‘zbekiston TIV bugungi kunda barcha masalalar va mavjud muammolar faqat Markaziy Osiyo qardosh xalqlariga xos bo‘lgan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhidagi muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinishi kerakligini aytib, o‘zaro otishmalardan tiyilishga chaqirgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali gaplashib, har ikki tomonni tinchlantirib turgan.
Shunday bo‘ldi ham. Ammo 2022 yilning mart, sentyabr oylarida yana to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
O‘sha yilgi mojaro qurbonlari soni 94 nafarni tashkil etgan. Qirg‘iziston hukumati Botken oblastining chegara hududidagi qarama-qarshilik oqibatida 59 kishi halok bo‘lgani, yana 144 kishi yaralangani haqida ma’lumot bergan. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ham o‘z tomoni yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lumot berib, fuqarolardan 35 kishi halok bo‘lgani va 25 kishi yaralangani, ular orasida ayollar va bolalar ham borligini aytgan. Janglar vaqtida tomonlar tanklar, minomyotlar, reaktiv artilleriya va hatto jangovar dronlardan foydalangan. Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida nizolar doimiy ravishda yuzaga kelib tursa-da, 2022 yilgisi eng qonlisi bo‘lib tarixga kirgan. 19 sentyabr Qirg‘izistonda milliy motam kuni deb e’lon qilingan. Qirg‘iz-tojik chegarasidagi otishma sabab 500 tadan ortiq xonadon va binolar vayron bo‘lgan. Ikki mamlakat hukumatlari vayron bo‘lgan infratuzilmalarni tiklashga ancha vaqt, kuch va pul sarflagandi.
Bu otishmayu to‘qnashuvlarni barcha mamlakatlar kuzatib turardi. Holat bo‘yicha Rossiya, AQSH kabi yirik davlatlar xavotir bildirib chiqqan.
O‘zbekiston esa o‘shanda qo‘shnilari tinchimagunicha tinchimadi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroqlashib, gaplashib, vaziyatdan boxabar bo‘lib turdi va muzokaralarga erishtirdi.
Umuman olganda, 2014 yildan beri Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida 10 dan ortiq yirik mojaro kuzatilgan. Qirg‘iziston Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh. Tojikiston esa, shu kunga qadar, Qirg‘iziston bilan barcha chegara masalalarini hal qila olmagan so‘nggi qo‘shni davlat edi.
Qo‘shnilar bilan chegara sabab qurolli to‘qnashuvlarni O‘zbekiston ham boshidan o‘tkazgan. 1999-2000 yillarda O‘zbekiston transchegaraviy terrorizm xavfini bahona qilib, chegarani bir tomonlama demarkatsiya qilish va minalash ishlarini boshlab yuboradi. 2001 yilda chegara qismlarini delimitatsiya qilish va anklavlarni markaz bilan bog‘laydigan yo‘llarni almashtirish to‘g‘risida shartnoma kuchga kirishi O‘zbekiston tomonidan so‘ralgan edi. Biroq bu kelishuv Qirg‘iziston tomonidan qabul qilinmadi, bu esa chegara bo‘ylab keskinlikning davom etishiga olib kelgan edi. Bunda, ayniqsa, 2010 yilgi O‘sh voqealarini eslamaslik mumkin emas.
2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubi. Mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. “O‘sh voqealari” nomi bilan tarixga kirgan ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar soni esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari, 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.
Bu voqealar takrorlanmasligi uchun O‘zbekiston qo‘shnilari bilan chegara masalasini hal qilib olishga kirishdi.
Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishda asosiy muammolardan biri – mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan tasdiqlanib, tartib-taomillaridan o‘tgan huquqiy asos yo‘qligi edi. Oqibatda mintaqa davlatlari o‘rtasida chegara muammosi yuzaga kelganda ushbu voqealarni bartaraf etishda tayanish mumkin bo‘lgan aniq hujjat yetishmasdi. Bu esa Markaziy Osiyoda nizolar kelib chiqqanida Rossiyaga o‘xshash mamlakatlarni qozilik qilishga undardi. Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya qilish O‘zbekiston oldidagi muhim masalalardan biriga aylandi va o‘z qo‘shnilari bilan birin-ketin chegara muammosini hal etdi.
Bunda 2022 yilda Qirg‘iziston bilan boshlangan muzokaralar 2023 yil noyabrida o‘z yakuniga yetdi.
Mamlakat Qozog‘iston bilan chegaralarni belgilash jarayonini 2004 yilning bahoridan boshlab, 2015 yilda tugatgan edi.
Xuddi shunday, 2022 yil noyabr oyida Qozog‘iston Turkmaniston bilan chegarani delimitatsiya qilishga oid kelishuvni ratifikatsiya qildi.
2017 yilning 30-31 may kunlarida esa Dushanbe shahrida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida hududiy va chegaraviy masalalar bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat chegaralari o‘rtasidagi minalar tozalandi. Xuddi shu yili o‘zbek-turkman chegarasi ham ochildi.
Asia-Plus xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston tomonlari chegara masalalaridagi tushunmovchiliklarni butunlay bartaraf etishni rejalashtirgan.
Muzokaralarda Tojikiston tomonidan mamlakat Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mahmadsharif Haqdod, O‘zbekiston tomonidan alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Ilhom Ne’matov ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraning umumiy uzunligi 1332,9 kilometrni tashkil etadi, shundan 1227,98 km qismi quruqlikda, 105 km daryo orqali.
Bugungi kunda tojik-o‘zbek chegarasining 60 kilometrlik qismi kelishilmagan holda qolmoqda.
13 mart kuni esa Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bergan qo‘shma bayonotida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma imzolashini ma’lum qildi.
“Bugun Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasi bo‘yicha shartnoma imzolash bilan birga, biz hurmatli Sadir Nurgo‘joyevich bilan yaqin vaqt ichida Tojikiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma tuzishga kelishib oldik”, dedi Imomali Rahmon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat 31 mart kuni Xo‘jand shahrida imzolanishi rejalashtirilgan. Xuddi shu kuni uchala rahbar Navro‘z bayramini birgalikda nishonlaydi, chegara masalasini obdan gaplashadi va hatto Markaziy Osiyo uchun yagona viza joriy etish imkoniyatlarini muhokama qiladi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyoda Shengen vizasiga o‘xshash yagona viza joriy etishni taklif qildi.
“Mintaqadagi barcha davlatlar o‘zaro chegaralar bilan bog‘liq masalalarni yakuniy hal qildi. Endi Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish jarayonini boshlashi va boshqa davlatlardan keladigan mehmonlar uchun barcha mintaqa davlatlari bo‘ylab erkin harakatlanishga imkon beradigan yagona viza tizimini ishlab chiqishi lozim. Bu Shengen vizasiga o‘xshash bo‘lishi mumkin”, deb yozdi Japarov.
Xulosa qilib aytganda, bugun muammolarini do‘stona hal etayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va bunga bosh-qosh bo‘lib turgan O‘zbekiston o‘z siyosatining mevasini tez orada ko‘rsa ajabmas. Faqat mamlakatning emas, yonidagilarning ham totuvligini o‘ylash, g‘am-u tashvishlariga sherik bo‘lish tinchlikni abadiylashtirishi aniq.
LiveBarchasi