Qirg‘iziston ilk bor BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylandi

Olam

image

Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylandi. Respublika 2027-2028 yillarda jahon tashkilotining asosiy organlaridan biri tarkibida bo‘ladi.

Ovoz berish kecha, 3 iyun kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iziston Respublikasi nomzodi uchun 142 ta davlat ovoz berdi. Xavfsizlik Kengashidagi o‘rin uchun kurashgan Filippin esa 49 ta ovoz oldi.

G‘olib faqat to‘rt bosqichli ovoz berishdan so‘ng aniqlandi. Dastlabki bosqichlarda na Qirg‘iziston, na Filippin Bosh Assambleya ovozlarining zarur bo‘lgan uchdan ikki qismini to‘play oldi.

Qirg‘iziston Respublikasining vakolat muddati 2027 yil 1 yanvarda boshlanib, 2028 yil 31 dekabrda yakunlanadi. Respublika Xavfsizlik Kengashida hozirda Pokiston egallab turgan o‘rinni oladi.

Ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng Prezident Sadir Japarov qirg‘izistonliklarni ushbu voqea bilan tabrikladi.

“Biz BMT tarixida yangi sahifa yozilishida ishtirok etamiz. Tabriklayman, aziz vatandoshlar!” deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.

Saylovga tayyorgarlik bir yildan ortiq davom etdi. May oyida davlat rahbari BMTga a’zo mamlakatlar yetakchilariga Qirg‘iziston nomzodini qo‘llab-quvvatlash iltimosi bilan murojaat qilgandi. U respublika avval hech qachon Xavfsizlik Kengashi tarkibiga kirmaganini ta’kidlab, asosiy xalqaro tuzilmalarda kichik, rivojlanayotgan va dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlarning kengroq vakilligini ta’minlash zarurligini ham aytib o‘tdi.

Avvalroq Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Qirg‘iziston Respublikasi nomzodini qo‘llab-quvvatlab chiqqan edi. Tegishli qo‘shma murojaatnoma 2025 yil oxirida mintaqa davlatlarining BMTdagi doimiy vakolatxonalari orqali tarqatilgan.

Bishkek, agar saylansa, preventiv diplomatiya, mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, iqlim xavfsizligi masalalari va aholining eng zaif qatlamlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, Qirg‘iziston tomoni xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga sodiqligini ta’kidladi.

Ovoz berish arafasida TIV rahbari Jeenbek Kuluboyev Nyu-Yorkda Qirg‘izistonning Xavfsizlik Kengashi a’zoligiga nomzod sifatidagi dasturini taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika muloqot uchun maydon bo‘lishga va nizolarni hal qilishning tinch mexanizmlarini ilgari surishga tayyor.

BMT Xavfsizlik Kengashi 15 ta davlatdan iborat. Ulardan beshtasi veto huquqiga ega doimiy a’zolar: Xitoy, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya. Yana o‘n mamlakat Bosh Assambleya tomonidan ikki yillik muddatga saylanadi.

Qirg‘iziston bilan bir vaqtda 2027-2028 yillar uchun Xavfsizlik Kengashi a’zoligiga Avstriya, Portugaliya, Zimbabve, Trinidad va Tobago saylandi. Ular vakolat muddati 2026 yil oxirida tugaydigan Pokiston, Gretsiya, Daniya, Somali va Panama o‘rnini egallaydi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Markaziy Osiyo Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangan ikkinchi davlat bo‘ldi. Bungacha faqat Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib (2017-2018 yillar) BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston BMT Xavfsizlik kengashi Markaziy Osiyo Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing