“Tasha-yasha”. Nazarboyevning oligarx qudasi ozodlikka chiqdi
Olam
−
08 noyabr 2023
6812Olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq keyin jazosining o‘talmagan qismi ozodlikni cheklash bilan almashtirilgan qozog‘istonlik oligarx Qayrat Boranboyev ozodlikka chiqdi. Bu haqda “Informbyuro” Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, oligarx jazosining qolgan qismini yashash joyida o‘taydi. U shu yilning 6 noyabr kuni uyiga jo‘nab ketgan.
"Muassasa ma’muriyati mahkumga probatsiya nazoratini ro‘yxatga olish va o‘tkazish yo‘nalishi va vaqti ko‘rsatilgan holda jazoni o‘tash joyiga jo‘nab ketish to‘g‘risida buyruq berdi. U yerga uni tavsiflovchi materiallar ham yuboriladi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, taniqli qozoq oligarxi, McDonald’sʼning Qozog‘iston, Rossiya va Belarusdagi franshizasi egasi Qayrat Boranbayev Qozog‘istonning eng boy odamlaridan biri, mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qudasi hisoblanadi. Boranbayevning qizi Nazarboyevning nabirasi Oysultonga turmushga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining hukmi bilan Qayrat Boranbayevning mol-mulki musodara qilinib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Boranbayev 2022 yil mart oyi o‘rtalarida hibsga olingan edi. 2023 yil 31 mart kuni Ostona sudi Boranbayev va uning ikkala sherigini ham gaz yetkazib berish vaqtida “Qazaq Gaz” milliy kompaniyasidan yirik miqdordagi mablag‘larni o‘g‘irlaganlikda ayblab, sakkiz yilga o‘rtacha tartibli koloniyaga hukm qilgan. Biroq iyul oyi boshida hukm Ostonadagi jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan bekor qilingan. Avgust oyida esa Boranbayevning advokati Daniyar Kanafin uning himoyasidagi shaxs aybini tan olgani va yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplash masalasida tergov bilan hamkorlik qilmoqchiligini bildirgan.
Avvalroq Qayrat Boranboyev o‘z ixtiyori bilan qiymati 1,4 milliard tenge (taxminan 3 million dollar) dan ortiq bo‘lgan “Comfort Hotel Astana” mehmonxona majmuasini davlat hisobiga o‘tkazgandi.