Tanzila Norboyeva Guljahon Yo‘ldoshevaga qamoq ehtiyot chorasi tayinlanishida sudni aybladi
Jamiyat
−
12 noyabr 2020
11606Xabaringiz bor, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limi va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi. Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, unga nisbatan tayinlangan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘ida saqlashga o‘zgartirildi.
Bugun, 12 noyabr kuni Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Guljahon Yo‘ldosheva ishi yuzasidan munosabat bildirdi.
"Guljahon Yo‘ldosheva ishi yuzasidan sud organlari shoshib qaror chiqargan, deb hisoblayman. Masalan, shu ayolning bolasi borligini e’tiborga olib, hech qayerga chiqmaslik kafolati bilan uy qamog‘i qo‘llash mumkin edi. Har xil yo‘llari bor edi. Sud birdaniga qamoq jazosi tayinladi. Biz faqat bu ayolni emas, hamma ayollarni himoya qilamiz, albatta. U haqiqatan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, javob berishi kerak. Lekin chora sifatida biz o‘z fikrimizni aytdik. Prokuratura inobatga oldi, lekin sud negadir chetda qolib ketdi. Aslida sudning qarori bilan ayol hibslangan, lekin keyin prokuraturaning murojaati bilan sudgacha ozodlikka chiqarildi", deydi Norboyeva.
U so‘zida davom etarkan, mamlakatda ayollar huquqlarini ta’minlash masalalari mavjud muammolarni o‘rtaga tashladi. Shu o‘rinda Namanganda MIB xodimlarining qarshilik ko‘rsatish ortidan o‘zini ayol o‘zini yoqib yuborishiga ham munosabat bildirdi.
"Namangandagi ayolning o‘zini yoqishida esa Majburiy ijro byurosining to‘liq aybi bor, deb o‘ylayman. Men Bosh prokuror bilan ham muloqot o‘tkazdim. Chunki majburiy ijro byurosi hozir prokuraturaga bo‘ysunadi. Ayol nohaq bo‘lishi mumkin, mulk haqiqatan noto‘g‘ri taqsimlangan bo‘lishi ham mumkin. Lekin uning ortida ming-ming sabablar bor. Bu ayolning uyiga qaror chiqarib bergan tashkilotlar bor. Kadastr bor, hokimiyat bor. Ularning aybi, mana shu voqea bilan tamom bo‘ldi. Shuning uchun avvalo huquqni qo‘llash amaliyotini kuchaytirishimiz kerak. Huquqiy madaniyatni oshirishimiz kerak", deydi Senat raisi.
Guljahon Yo‘ldosheva ishi
Joriy yilning 8 sentyabr kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.