Tanzila Norboyeva deputatlikka saylandi
Jamiyat
−
01 noyabr
9714Joriy yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi natijasiga ko‘ra, 2019 yildan beri Senat raisi vazifasida ishlab kelayotgan Tanzila Norboyeva xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga saylandi. Bu haqda Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasining tegishli qarorida so‘z boradi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Tanzila Norboyeva 13-Sebzor saylov okrugidan deputatlikka saylangan.
50 o‘rinli shahar Kengashiga saylangan deputatlar orasida nomzodlari O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov va O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev ham bor.
Ma’lumot uchun, Tanzila Norboyeva 1956 yilda Andijonda tug‘ilib, 70-yillar o‘rtalarida Toshkentga kelgan. U 1981 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1975-1995 yillari Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajadagi davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
1995-2010 yillari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, kotibiyat mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari, kotibiyat mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarida, 2010-2016 yillari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi lavozimida ishlagan.
2016 yildan 2019 yilning 21 iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 2019 yildan beri u Oliy Majlis Senati raisi sifatida ishlab kelmoqda.
Oilali, 2 nafar qiz farzandi bor.
Eslatib o‘tamiz, saylov oldidan O‘zLiDePdan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova nomzodi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, “Adolat” SDPdan Adliya vaziri Akbar Toshqulov, XDPdan Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Ekologik partiyadan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgandi. Biroq vazirlarning hech biri deputat bo‘lmadi.
LiveBarchasi