Tanzila Norboyeva Senat Raisi lavozimiga qayta saylandi
Jamiyat
−
19 noyabr
2562Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan nomzodi Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga taqdim etilgan senator Tanzila Norboyeva senatorlar tomonidan saylandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Safoyev, Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga senator Amanbay Orinbayev saylandi.
Prezident Tanzila Narbayeva, Sodiq Safoyev, Amanbay Orinbayevni ularga bildirilgan yuksak ishonch bilan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.
“O‘zingiz bir tasavvur qiling – 37 millionlik xalqdan faqatgina 65 nafar insonga senator bo‘lishdek yuksak sharaf va baxt nasib etdi. Bu ulkan ishonch va mas’uliyatning qadriga yetish, uni halol va sodiq xizmat bilan oqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Sizlar Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga munosib hissa qo‘shasizlar, xalqchil va adolatli qonunlar qabul qilib, barchaga o‘rnak bo‘lasizlar, deb tilak bildiraman.
Men siz, muhtaram senatorlar timsolida ana shunday katta ishlarga qodir, O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifalarni chuqur anglaydigan, Vatan va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan fidoyi insonlarni – o‘zimning eng yaqin maslakdoshlarimni ko‘raman.
Sizlar bor bilim va tajribangiz, kuch va imkoniyatingizni ishga solib, mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochasiz, deb ishonaman”, dedi Prezident majlis yakunida.
Ma’lumot uchun, Tanzila Norboyeva 1956 yilda Andijonda tug‘ilib, 70-yillar o‘rtalarida Toshkentga kelgan. U 1981 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1975-1995 yillari Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajadagi davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
1995-2010 yillari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, kotibiyat mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari, kotibiyat mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarida, 2010-2016 yillari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi lavozimida ishlagan.
2016 yildan 2019 yilning 21 iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 2019 yildan beri u Oliy Majlis Senati raisi sifatida ishlab kelmoqda.
Oilali, 2 nafar qiz farzandi bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi natijasiga ko‘ra, Tanzila Norboyeva xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga saylangandi. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi esa uni senatorlikka sayladi.
LiveBarchasi