Uchinchi jahon urushi yaqin?! Hafta tahlili
Tahlil
−
28 Sentabr
41344Aytish og‘ir bo‘lsa ham rosti shu. Dunyo uchinchi jahon urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tayyorgarlik ko‘ryapti deymizu, balki u allaqachon boshlanib bo‘lgan ham. Farqi shu, u avvalgi ikki muhoraba singari butun dunyoni qariga tortmay, muayyan mamlakatlardagina bo‘layotgandek. 8 milliardlik nufuzga ega Yer shari bugun jar yoqasiga kelib qolgandek. Qayerga qaramang urush, qayerdan so‘ramang, notinchlik, qayerga quloq tutmang, dod-faryod. Begunoh odamlarning qoni isi dunyoni tutsa ham, bu geosiyosiy maqsadlari sari hech narsadan, har qanday xunrezlikdan tap tortmayotganlarni bezovta qilmayapti. Assalomu alaykum. Kutganingizdek va bilganingizdek QALAMPIR.UZ’da Hafta voqealari tahlili.
NATO uchinchi jahon urushi rejalarini ishlab chiqmoqda
Gapim isboti bilan bo‘lsin. Dunyoning eng yirik harbiy bloki – NATO uchinchi jahon urushi rejalarini ishlab chiqmoqda. Rossiya bilan ehtimoliy urush yuzaga kelgan taqdirda, alyans yaradorlarni frontdan evakuatsiya qilish rejasini tuzyapti. Bu haqda alyansning logistika qo‘mondonligi boshlig‘i, general-leytenant Aleksandr Sollfrank ma’lum qildi.
Uning fikricha, bunday urush katta ehtimol bilan keng jang maydonida sodir bo‘ladi va NATO uchun jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi. General Rossiya Aerokosmik kuchlarining keng imkoniyatlari tufayli yaradorlarni havo orqali evakuatsiya qilish o‘ta xavfli bo‘lishi mumkinligi, shuning uchun tez yordam poyezdlaridan foydalanish ma’qul ekanini bildirmoqda.
Tibbiy evakuatsiyani rejalashtirish NATOning Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarligining bir elementidir. Joriy yil 22 yanvardan 31 maygacha NATOning 1988 yildan beri eng yirik “Steadfast Defender 2024” mashqlari bo‘lib o‘tdi. 90 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar, 50 dan ortiq kema, jumladan, aviatashuvchi va esminetslar, 80 dan ortiq samolyot, vertolyot va dron, shuningdek 1,1 mingdan ortiq jangovar texnika, shu jumladan 133 tank va 533 piyoda unda ishtirok etdi.
Ushbu manyovrlar Rossiyaning mumkin bo‘lgan tajovuziga tayyorgarlikning bir qismi edi va butun Yevropa mamlakatlarini, jumladan Buyuk Britaniya, Germaniya, Vengriya, Gretsiya, Polsha, Finlyandiya, Shvetsiya va boshqalarni qamrab oldi.
2024 yil yanvarida Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius G‘arb davlatlari yaqin 3-5 yil ichida Rossiya bilan ehtimoliy urushga faol tayyorgarlik ko‘rishlari kerakligini aytgan edi. Harbiy ekspertlarning fikricha, Rossiyaga yirik harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun bir necha yil kerak bo‘ladi.
Putin yadroviy doktrinani o‘zgartirmoqchi
Bir vaqtlar O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning dunyo uchun yadro qurolli xavf solayotgani, dunyoga uchinchi jahon urushi kerakmasligi, agar yana urush boshlansa, bu Yer kurrasi uchun oxirgisi bo‘lishi haqidagi xavotirlari tobora haqiqatga aylanib borayotgani kishini o‘ylantiradi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning joriy hafta yadro quroli borasida qabul qilgan navbatdagi qarori esa bu xavotirlarni yanada oshirib, jahon urushi haqidagi taxminlarni tasdiqlashga urinayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Prezident Putin shu hafta bo‘lib o‘tgan Federatsiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yadroviy quroldan foydalanish tamoyillarini o‘zgartirish va yadroviy to‘siq bo‘yicha davlat siyosati asoslarini yangilashni taklif qildi.
Putinning fikricha, har qanday yadroviy bo‘lmagan davlat tomonidan, lekin yadroviy davlat ishtirokida yoki ko‘magida Rossiyaga qarshi tajovuz ularning Rossiya Federatsiyasiga qo‘shma hujumi deb hisoblanadi.
U mavjud me’yorlarni tuzatish zarurligini hozirgi harbiy-siyosiy vaziyatdagi dinamik o‘zgarishlar hamda Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilari uchun harbiy tahdidlar va xavflarning yangi manbalarining paydo bo‘lishi bilan bog‘lamoqda.
Putin Rossiya Federatsiyasi va Belarusga qarshi agressiya sodir bo‘lgan taqdirda yadro qurolidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytmoqda. Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenko bilan esa bu masalalarning barchasi kelishilgan.
Putinga ko‘ra, yadro qurollari, agar dushman oddiy qurollardan foydalangan holda Rossiya Federatsiyasi yoki Belarus suverenitetiga jiddiy xavf tug‘dirsa ham qo‘llaniladi.
Kreml so‘zamoli Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiyaning yadroviy doktrinasidagi o‘zgarish do‘stona bo‘lmagan mamlakatlarga Rossiya qilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy hujum oqibatlari haqida ogohlantirishdir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda yadroviy to‘xtatib turish parametrlari Rossiya chegaralari yaqinida yuzaga kelayotgan keskinlikni hisobga olgan holda tuzatilmoqda. Rossiya o‘zining yadroviy arsenallarini yaratmaydi, chunki uning yadroviy triadasi “yadroviy tiyib turishning mutlaq kafolati” hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqi esa Putinning bayonotini “o‘ta mas’uliyatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan xatti-harakatlarining davomi” deb atadi. YeI tashqi siyosati vakili Piter Stanoga ko‘ra, bu Putinning yadroviy arsenal bilan birinchi marta qimor o‘ynashi emas.
“Biz xalqaro hamjamiyatdagi boshqa hamkorlarga ham BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan davlat vakili tomonidan ko‘rilayotgan beparvolik va mas’uliyatsiz xatti-harakatlarni ko‘rsatib, ushbu pozitsiyani yetkazishga harakat qilmoqdamiz”, dedi YeI tashqi siyosati vakili Piter Stano.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa Rossiyaning yadroviy qurol tahdidi mas’uliyatsiz qaror ekani va dunyo ko‘proq qurolsizlanishga muhtojligini aytdi.
“O‘ylaymanki, dunyoda ko‘pchilik avval ham yadro quroli bilan tahdid qilgan, masalan, Xitoy. Shuning uchun men hozir ko‘proq qurolsizlanish va qurollarni tarqatmaslik haqida muloqot qilishga chaqirgan bo‘lardim”, dedi Blinken.
Shu hafta bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa jahon minbaridan turib, Rossiya Ukraina yadroviy inshootlariga hujum qilishni rejalashtirayotganidan yozg‘irdi.
“Ukraina razvedkasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina atom elektr stansiyalari va infratuzilmalarini energiya tizimidan uzib qo‘yish maqsadida ularga zarba berish rejalari haqida xabar berdi. Har qanday raketa yoki dron zarbasi, energiya tizimidagi har qanday muhim voqea yadroviy falokatga olib kelishi mumkin. Bunday kun hech qachon kelmasligi kerak. Moskva buni tushunishi kerak va bu qisman sizning tajovuzkorga bosim o‘tkazish qaroringizga bog‘liq”, dedi Zelenskiy.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa yadroviy xavf haqida gapirarkan, jahon minbaridan turib geosiyosiy tafovutlar kuchayib borayotganiga ishora qildi.
“Sayyora qizidi, urushlar avj oldi, oxiri biz bilmaymiz. Yadroviy kuch va qurollarning namoyishi qorong‘i soyaga o‘xshaydi. Biz o‘ylashni ham istamaydigan narsa tomon ketyapmiz: portlashga tayyor bo‘lgan bomba butun dunyoni yeb qo‘yishi mumkin”, dedi BMT Bosh kotibi.
Endi sizga savol: odamlar, dunyo aholisi ustidan chiqarilayotgan qarorlar, ular ustidan uchib o‘tayotgan raketa-yu o‘qlar haqida siz nima deysiz? Dunyo tinch va farovon yashashi uchun urush bo‘lishi, yadro quroli har gapda eslatib turilishi kerakmi?
Rossiya O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmoqda
Butun dunyoga xavf solayotgan Rossiya endi ochiqdan ochiq O‘zbekistonga ham tahdid qilishni va Ukraina taqdiridan xulosa chiqarishni baralla aytishni boshladi. Gap nima haqida ketayotganini tushungan bo‘lsangiz ham, menimcha, eslatib o‘tganimni, hafta davomida ro‘y bergan voqealarni bir boshdan ko‘rib chiqqanimizning zarari yo‘q.
Xo‘sh, nima bo‘ldi o‘zi? Hafta boshida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili fanida o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisini gap qaytargani uchun kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, xuddi Rossiyadek katta davlatda qilarga ish qolmagandek, Federatsiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova zaharnok bayonot bilan chiqib, O‘zbekistondan mazkur holatga izoh berishini so‘radi. Aytishlaricha, Zaxarova xonimning mazkur holat aks etgan video mazmunidan nihoyatda tashvishlanganidan qon bosimi oshib ketibdi.
“Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasidagi adovatga o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, deydi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi kelishmovchilikni siyosiylashtirishga urinayotgan Zaxarova.
Kamiga bu xonim, bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘ragan va bu masalani diqqat-e’tiborida tutishini qo‘shimcha qilgan. Rostan ham, Rossiyadek katta davlatning qilarga ishi qolmadimi, O‘zbekistondagi maktabda sodir bo‘lgan voqealar bilan shug‘ullansa? Shunchalar ham past ketish bo‘ladimi?
Boshqa tomondan 2022 yilning fevralidan buyon tinmay kelayotgan Rossiyaning Ukrainaga bosqinida bugungacha 600 nafar bola halok bo‘ldi. Qariyb 1,5 ming bola jarohat oldi. O‘zbekistonda o‘qituvchisidan kaltak yegan bolaning huquqini himoya qilayotgan Zaxarovaning esidami bu raqamlar? Yo Ukrainada qonga belangan bolalar odam bolasi emasmi?
Albatta, Zaxarovaga nisbatan javob qilgan o‘zbekistonlik faollar ko‘plab topildi. Ro‘yxat boshidan doimgidek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov o‘rin oldi.
“Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli”, dedi Alisher Qodirov.
Lekin e’tirozlarga qaramay, o‘quvchini do‘pposlagan o‘qituvchi baribir qamaldi. Faqat Zaxarovaning talabi bilan emas, balki bungacha boshqa bir qancha huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgani aytildi.
Gap shundaki, o‘qituvchi joriy yilning 24 sentyabr kuni qizi tahsil oladigan Yashnobod tumanidagi 204-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib, maktab direktorining o‘rinbosariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Ayoldan jamoat joyida tartibiga rioya qilishi so‘ralganida, maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan.
25 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan va ayol Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-, 194-modda 1-qismi va 197-5-moddasi bilan aybdor deb topilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari va BHMning 7 baravari so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Voqealar esa bu bilan tugamadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga taqdimnoma kiritdi.
Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet eldagi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo) rasmiylardan Toshkentdagi maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchining Rossiya Federatsiyasiga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi. Va umuman aloqasi yo‘q holda o‘qituvchini rusofob deb atashni boshladi.
“Rossotrudnichestvo vakolatli organlarga ushbu “rusofob” shaxsning Rossiyaga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qiladi. Na bu shaxs, na uning yaqin qarindoshlari... Ular hech qachon Rossiyada ta’lim olmaydi, stajirovkalarda qatnashmaydi va o‘zlari uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmaydi, chunki ular Rossotrudnichestvo tomonidan umrbodga hisobga olinadi”, dedi Yevgeniy Primakov.
Primakovga ko‘ra, Rossotrudnichestvo tomonidan maktab o‘quvchisini kaltaklashni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu voqealardagi har qanday boshqa shaxslarga nisbatan, xususan ta’lim muassasasi rahbariyatiga ham, agar ular bu holatni yashirsa yoki tegishli ma’muriy choralar ko‘rmasa, xuddi shunday chora-tadbirlarni qo‘llaniladi. Da vi chto lyudi. Chto suma soshli? Bir mustaqil mamlakatning ichki ishlariga aralashish shunchalik bo‘lar, axir. Bu gapni kimlar aytmadi?! Bir Tashqi ishlar vazirligi uzoq sukut qildi. Lekin BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borgan vazir Baxtiyor Saidov rossiyalik mavqedoshi 74 yashar yoshulli Sergey Lavrov bilan uchrashib, o‘zaro ichki ishlarga aralashmaslik masalasini muhokama qilgani aytildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining o‘zbekona andisha va nazokat bilan tarqatgan bayonotida shunday deyilgan:
“O‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligi ta’kidlandi. Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik”, deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari.
Rossiya TIV esa uchrashuvni yoritarkan, unda Saidovning mamlakatlarning ichki ishlarga aralashmaslik borasidagi gaplariga to‘xtalmay, millatlararo murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish zarurligiga alohida e’tibor qaratilganini yozdi, xolos.
Rossiya Federatsiyasi parlamenti yuqori palatasi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Andrey Klimov esa O‘zbekiston parlamenti spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning Rossiyaga “o‘z ichki ishlari bilan shug‘ullanish” chaqirig‘iga “javoban” Ukrainaga shama qilib, mamlakat taqdirini eslatdi.
“Har qanday hodisa yuzasidan darhol bunday ohangda gapirishga qarshiman. O‘zini o‘qituvchi deb atayotgan shaxsning qilgan ishi nafaqat huquqbuzarlik, balki bundan ham ko‘proq. Vitse-spikerning so‘zlari esa taajjub uyg‘otadi. Uzoq vaqt davomida o‘zini shunday tutgan bitta mamlakat bor edi. Endi u juda og‘ir ahvolga tushib qoldi”, dedi Andrey Klimov.
Senatning o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati” yuritilishiga qaror qilingan edi. Oliy Majlisning sobiq deputati Rasul Kusherboyev agar O‘zbekistonda shunday ro‘yxatni yuritish boshlansa, Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatining boshida bo‘lishi kerakligini aytib chiqdi. Xo‘sh, siz nima deysiz?
BMTda ko‘tarilgan urush masalalari
Insoniyat yer yuzida sodir bo‘layotgan voqealardan xavfsirayotgan, dunyo qaysi tomonga ketayotganini bilmayotgan va kelajakka nisbatan umidsizlik ortib borayotgan bir paytda AQSH Prezidenti Jozef Baydenning istiqbolga nisbatan ishonchi katta. U bu haqda BMT Bosh Assambleyasining joriy hafta bo‘lib o‘tgan 79-sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi.
“Men bilaman, ko‘p odamlar bugun dunyodagi vaziyatga boqib, mashaqqatlarni ko‘radi va ularga umidsizlik bilan munosabatda bo‘ladi. Lekin men bunday deb o‘ylamayman. Dunyo yetakchilari sifatida bizda bunday hashamat yo‘q. Men Ukraina, G‘azo, Sudan va undan tashqaridagi muammolarni tan olaman – urush, ocharchilik, terrorizm, ko‘chirilgan odamlar, iqlim inqirozi, tahdid ostidagi demokratiya... Ro‘yxatni davom ettirishimiz mumkin. Lekin o‘nlab yillar davomida birga qilgan ishlarimiz tufayli umidim bor. Oldinga yo‘l borligini bilaman”, dedi Bayden.
Shuningdek, qariya Bayden BMT Xavfsizlik Kengashini dunyodagi hozirgi vaziyatga ko‘proq mos kelishi uchun isloh qilish tarafdori ekanini bildirdi.
Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning dunyodagi vaziyatga berayotgan bahosi esa Baydennikichalik balandparvoz emas. Uning fikricha, Isroilning G‘azodagi qirg‘inida nafaqat odamlar, balki BMT tizimi va haqiqat o‘lmoqda. G‘arb himoya qilmoqchi bo‘lgan qadriyatlar o‘lib bormoqda. Insoniyatning adolatliroq dunyoda yashash umidlari birin-ketin so‘nib bormoqda. 353 kundan buyon davom etayotgan qirg‘in oqibatida 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgani, 10 mingdan ortiq falastinlik bedarak ketgani, 100 mingga yaqin odam jarohat olganini eslatgan Erdo‘g‘an, G‘azoni dunyoning eng katta bolalar va ayollar qabristoni deb atadi.
“Ey, inson huquqlari tashkilotlari! G‘azodagilar va G‘arbiy Sohildagilar inson emasmi? Falastindagi bolalarning o‘qish, yashash va ko‘chada o‘ynashga haqqi yo‘qmi? Ey, xalqaro matbuot tashkilotlari! Isroil jonli efirda o‘ldirgan, idoralari bosqinga uchragan jurnalistlar hamkasblaringiz emasmi? Ey, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi, G‘azo qirg‘inining oldini olish, bu zulm va vahshiylikka chek qo‘yish uchun nimani kutyapsiz?” dedi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an, shuningdek, jahon minbaridan turib uyg‘urlar masalasida ham so‘z ochdi. Uning bildirishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti Xitoyning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga hurmat saqlagan holda ushbu mamlakat bilan uyg‘urlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muloqot olib bormoqda.
Uyg‘urlar masalasi ochilarkan, Xitoy ham bu haqida gapirishdan tiyilmadi. Faqat ritorika biroz boshqacha bo‘ldi. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Ining fikricha, AQSH Xitoydagi musulmonlarning huquqlari bo‘yicha tashvish bildirish bilan birga, Yaqin Sharqda urushlar keltirib chiqarmoqda va bu orqali ko‘plab musulmonlarning o‘lishiga sabab bo‘lyapti.
“Hammada savol tug‘iladi: nega AQSH musulmonlar huquqlariga shunchalik qayg‘urib, Yaqin Sharqda urushlarni keltirib chiqaradi, bu mas’uliyatsizlik esa musulmonlar orasida katta qurbonliklarga olib keladi?” dedi Van I.
Vazir AQSHning bunday harakatlari “ikkilamchi standartlarni” yana bir bor namoyish etganini ta’kidladi va nega AQSH arab xalqlariga nisbatan tarixiy nohaqlikka ko‘z yumayotganini, Falastinning BMTda to‘liq huquqli a’zoligini qo‘llamasligini savol ostiga qo‘ydi.
Bosh Assambleya sessiyasining umumiy muhokamasida chiqish qilgan tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa dunyo mamlakatlari rahbarlari va hukumat raislari e’tiborini Livanga qaratdi. Uning fikricha, G‘azodagi vaziyat davom etayotgan dahshatli tushga o‘xshaydi va Livan tez orada ikkinchi G‘azoga aylanishi mumkin.
Bosh kotib G‘azo sektoridagi vaziyatni “butun mintaqani qamrab olishi” mumkin bo‘lgan “tuganmas dahshat”ga qiyosladi.
“Falastin xalqining jamoaviy jazolanishini hech qanday tarzda oqlab bo‘lmaydi. G‘azo sektoridagi o‘lim va vayronagarchilik tezligi va ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada”, dedi Guterrish.
Buni biz juda yaxshi bilib turibmiz? A nima, sizga endi yetib bordimi, janob Guterrish? Nega bunga nuqta qo‘ymayapsiz, qo‘yolmayapsiz? Holbuki, tarixda tashkilotning eng yomon va eng so‘nggi Bosh kotibi sifatida qolish chekingizga tushishini ham bilsangiz kerak?! Allaqachon ishonchsiz tuzilmaga aylanib qolgan BMT quruq majlisbozlik va safsatadan nariga o‘tmay qo‘ygani uning ham taqdiri Millatlar Ligasidek yakun topishidan darak berayotgandek.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, Isroil nafaqat G‘azoga, balki Livanga ham zarba berishda davom etadi.
Shuningdek, BMT minbarida chiqish qilgan Netanyaxu Eronda Isroilning uzun qo‘li yetmaydigan joy yo‘qligi va bu butun Yaqin Sharqqa tegishli ekanini aytdi. Bundan ko‘rinadiki, Erdo‘g‘anning Isroil faqat G‘azo bilan cheklanmasligi, xavf guruhi ro‘yxatining boshida Turkiya kelishi haqida bundan bir necha oy avval bildirgan xavotirlari o‘rinli.
Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi chiqishi boshlanish arafasida ko‘plab delegatsiyalar o‘z o‘rnini tark etdi. Netanyaxu Isroil "vahshiy dushmanlar" oldida o‘z hayoti uchun kurashayotganiga qaramay, “tinchlik”ka intilayotganini aytdi.
“Mening mamlakatim “urush”da o‘z hayoti uchun kurashmoqda. Biz bu “vahshiy qotillar”dan o‘zimizni himoya qilishimiz kerak. Dushmanlarimiz nafaqat bizni yo‘q qilishga, balki umumiy sivilizatsiyamizni vayron qilishga, barchamizni zulm va terror asriga qaytarishga intilmoqda”, dedi Netanyaxu.
Netanyaxu Isroil Livan janubidagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” harakati pozitsiyalariga zarba berishda davom etar ekan, hujumlar keng qamrovli mintaqaviy urushga olib kelishi mumkinligidan “xavotirda”. U, shuningdek, o‘z nutqida rasmiy Tehronga tahdid qilish bilan birga, mintaqadagi mojaro uchun aybni Eronga yuklashga harakat qildi.
U minbarga “baraka“ va “la’nat” so‘zlari yozilgan xaritalarni ko‘tarib chiqdi. “Baraka“ xaritasida Hindiston, Saudiya Arabistoni, Misr va Sudan yashil rangda belgilangan va ushbu mamlakatlar ulug‘langan. Netanyaxu “La’nat” xaritasi deb tanishtirgan ikkinchi rasmda esa Eron, Suriya, Iroq va Yaman qora rangda tasvirlangan. Xaritalarni ushlab turgan Netanyaxu dunyo "baraka" va "la’nat" o‘rtasida tanlov qilishi kerakligini aytdi. Ikkala xaritada ham G‘azo va G‘arbiy Sohil Isroil hududi sifatida ko‘rsatilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining esa hamon BMTdan umidi katta. Sessiyada qatnashgan ikki Prezidenti Tojikiston rahbari Imomali Rahmon va Qirg‘izistondan Sadir Japarov urushlarni tinch, siyosiy yo‘llar va diplomatiya vositalari bilan tugatishga chaqirdi. Japarov urushga sarflanadigan pullarni bunyodkorlikka xarjlashga undadi.
BMTda Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarildi
Albatta, Birlashgan Millatlar Tashkilotida Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarilmay qolmadi. Eng avvalo, AQSH Prezidenti Jozef Bayden AQSH kuchlari Afg‘onistonni o‘z xoliga qo‘yib, mamlakatdan chiqib ketgani to‘g‘ri qaror bo‘lganini aytdi. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonning uzoq azob chekayotgan xalqiga, jumladan, tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan hududlariga yordam ko‘rsatish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishga yana bir bor chaqirdi. Bu safar u Afg‘onistonga terrorchilik va giyohvand moddalar makoni sifatida nom bermadi.
BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida shu hafta bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi tadbirda esa tashkilot Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo afg‘on hukumatiga mamlakatning ayol aholisiga nisbatan barcha kamsituvchi cheklovlarni zudlik bilan bekor qilish talabi bilan chiqdi.
“Maqsad “Tolibon”ni birinchi navbatda afg‘on xalqi va xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishga majburlash. Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatga qaytishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l shu”, deydi u.
Shu desangiz, Afg‘onistonda cheklovlar nafaqat ayollar, balki erkaklarga nisbatan ham oshib bormoqda. Masalan, shu hafta “Tolibon” muvaqqat hukumati erkaklarga jinsi shim kiyishni va turli soch turmagini taqiqladi.
Ha darvoqe, joriy haftada “World Happiness Report” Jahon baxtiyorlik reytingini yangiladi va unda aholining baxtlilik darajasi eng past bo‘lgan davlat Afg‘oniston bo‘ldi
Isroil Livanga zarba bera boshladi
Livan yangi urush o‘chog‘iga aylanyapti. Balki Guterrish ta’biri bilan aytganda, jahannam. Joriy hafta boshidan beri Isroilning Livanga zarbalari jami 800 ga yaqin kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Eng qizig‘i, Falastinni, G‘azoni bizning hudud, deb iddao qilayotgan Isroilning Livanda nima ishi bor?
So‘nggi qirg‘inbarotlar fonida Livan shimolida yashovchi aholi qo‘shni mamlakatlar – Suriya va Iroq tomon qochmoqda. 27 sentyabr holatiga ko‘ra, 110 mingdan ortiq odam yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan. Iroq hukumati mamlakatga kelayotgan livanliklarga bepul viza berishni va viza muddati tugaganlarga uni uzaytirishni buyurdi. Suriya tomoni kelayotgan qochoqlarga yordam ko‘rsatish uchun chegara punktlariga maxsus tibbiyot xodimlarini yuborib, shifoxonalarni 24 soatlik rejimga o‘tkazdi.
“Hizbulloh” a’zolari ham bir necha bor Isroil tomon raketa uchirgani haqida xabar bergan.
25 sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Bosh shtab rahbari Gerzi Halevi Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiya tayyorlashini ma’lum qildi.
26 sentyabr kuni Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot BMT Xavfsizlik Kengashining Fransiya iltimosiga ko‘ra tashkil etilgan Livandagi vaziyatga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilishida AQSH va Fransiya Isroil va Livan o‘rtasida shoshilinch 21 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma chaqiruv e’lon qildi. 11 davlat va Yevropa Ittifoqining qo‘shma bayonotida Isroil va “Hizbulloh”ni uch haftalik sulh e’lon qilishga va shu vaqt ichida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga harakat qilishga chaqirdi.
Shu xabarlar fonida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSHni Isroilni Livan bo‘yicha 21 kunlik sulh rejasini qabul qilishga majburlashga chaqirib, bu bosqin katta xato bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
27 sentyabr kuni Isroil AQSH tomonidan yetkazib berilgan bunkerlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan og‘ir tipdagi bombalar bilan Bayrutdagi butun bir kvartalni yer bilan bitta qildi. Kadrlarda tinch aholining hayotiga zomin bo‘lgan Isroil hujumi oqibatida dahshatli vayronagarchiliklarni ko‘rish mumkin. Isroil armiyasi bayonotiga ko‘ra, “aniq zarba” guruhning markaziy qarorgohiga qaratilgan.
Bayrutga zarbalar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning BMT Bosh Assambleyasidagi uzoq va o‘ta emotsional nutqidan ko‘p o‘tmay boshlandi.
5 vazir ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdi
Tugayotgan haftada O‘zbekistonda hukumatning 5 nafar vaziri deputatlikka nomzodini qo‘ydi va agar saylansa, lavozimidan voz kechishi haqida ariza yozgani ma’lum bo‘ldi. Bular – Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.
Saylov kodeksining 72-moddasiga ko‘ra, deputatlikka nomzodi ko‘rsatilgan shaxsning o‘z nomzodi tegishli bir mandatli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga yoki partiya ro‘yxatiga kiritilishiga rozi ekanligi, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozadi.
Siyosiy partiyalarning parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga qo‘yilgan nomzodlari tarkibida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ham bor.
Shuningdek, madaniyat va san’at vakillari ichidan Yodgor Sa’diyev, Ra’no Shodiyeva, Gavhar Zokirova, Ra’no Zokirova va Dilnoza Kubayeva ham deputatlikka o‘z nomzodini qo‘ygan.
Ma’lumot uchun, qonunchilik palatasi deputatlari o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas. Qonunchilik palatasi deputatiga uning deputatlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimi ishlab kelayotgan Behzod Musayev esa saylovgacha yetib bormay, shu haftaning o‘zidayoq kursisidan ayrildi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar etib tayinlandi. Vazir lavozimini esa Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Botir Zohidov egalladi.
O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda eng baxtli mamlakat sifatida yetakchilik qilmoqda
Dunyoda qon to‘kilishi tinmayotgani bor gap. Biroz avval Afg‘oniston Yer kurrasining eng baxtsiz mamlakati bo‘lganini aytgandim. Finlyandiya, Daniya, Islandiya, Shvetsiya jahonning eng baxtli mamlakatlari qatorida e’tirof etildi. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda eng baxtli mamlakat sifatida yetakchilik qilmoqda. Umumiy reytingda esa 47-o‘rinni egalladik. Xo‘sh, o‘zingizga o‘zingiz savol bering? Baxtlimisiz? Baxt siz uchun nima? Baxtli bo‘lishingiz uchun nima kerak va u sizda bormi? Javoblaringizni izohlarda kutamiz. Salomat bo‘ling!
LiveBarchasi