Suriya Rossiya bilan Tartus porti bo‘yicha kelishuvni bekor qildi
Olam
−
12:17
4237Suriyaning yangi o‘tish davri hukumati Rossiya kompaniyasi bilan Tartus dengiz portini boshqarish bo‘yicha kelishuvni bekor qildi. Bu haqda Tartus viloyati Bojxona boshqarmasi rahbari Riyod Judi “Al Watan” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Rossiya kompaniyasi bilan Tartus portiga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuv bekor qilindi. Port faoliyatidan tushgan barcha daromadlar Suriya davlatining manfaatlari yo‘lida ishlatiladi,” dedi Judi.
U, shuningdek, kelishuv shartlariga binoan modernizatsiya qilinmagan uskunalarni tiklash ishlari qayta boshlanishini qo‘shimcha qilgan. Rossiyaning Stroytransgaz kompaniyasi bilan investitsiya shartnomasi 2019 yilda 49 yil muddatga imzolangan edi. Suriya sobiq transport vaziri Ali Hamudning so‘zlariga ko‘ra, hujjat portni boshqarish va Rossiya tomonidan 500 million dollardan ortiq miqdorda modernizatsiya uchun investitsiya kiritishni nazarda tutgan.
Ma’lumot uchun, Tartus – Suriyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi dengiz porti hisoblanadi. Unda Rossiya dengiz flotining moddiy-texnik ta’minot punkti joylashgan. 2024 yilning 12 dekabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Suriyaga yangi hukumat kelganidan keyin ham Rossiya o‘z harbiy bazalarini saqlab qolishiga umid bildirishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq marhum otasi, sobiq prezident Hofiz Asad bilan birga Moskva bilan yaqin ittifoq tuzgan Bashar Asadning hokimiyatdan chetlatilishi Rossiya bazalari – Latakiyadagi Hmeymim aviabazasi va Tartus harbiy-dengiz inshootining kelajagini so‘roq ostiga qo‘ygani xabar qilingandi.
LiveBarchasi