Tanqidiy materiallar mudrab o‘tirgan rahbarlarni uyqudan uyg‘otmoqda – Mirziyoyev
Jamiyat
−
26 iyun
8705Qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar bo‘yicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab o‘tirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uyg‘otib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida so‘z boradi.
“Avvalambor, o‘z iste’dodi va mahorati, fidokorona mehnati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, milliy jurnalistikamiz jonkuyarlarini, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman”, deb boshlanadi Prezident tabrigi.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bugungi kunda jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida OAV vakillarining o‘rni va ta’siri tobora ortib boryapti.
“Shu o‘rinda gazeta va jurnallarimiz, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb chiqishlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokidagi ko‘rsatuv va eshittirishlar, tahliliy sharhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravishda ko‘payganini ta’kidlash lozim”, deyiladi Prezident tabrigida.
Qayd etilishicha, bularning barchasi milliy media vositalar “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi.
“Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda”, deyiladi tabrikda.
Ta’kidlanishicha, yuqoridagi talabdan kelib chiqqan holda, ko‘p qirrali professional bilim va malakaga, yuksak ma’naviy-intellektual fazilatlarga ega bo‘lgan zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlash bundan buyon ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
“Shu bilan birga, axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan to‘ldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir. Shu bois, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritib borish o‘ta muhim, deb o‘ylayman”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, bugungi kunda yolg‘on va asossiz ma’lumotlarni tarqatish orqali odamlarni aldash, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish holatlari ko‘payib borayotgani aholining media savodxonligini oshirishni kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa qilib qo‘ymoqda. Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortishuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy me’yorlar negizida hal etilishi shart.
LiveBarchasi