Mirziyoyev Erdo‘g‘anga ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
21 yanvar
5488Bugun, 21 yanvar kuni Turkiyaning Bolu muzofotidagi tog‘-chang‘i kurortida yuz bergan kuchli yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
"Qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi", deydi Asadov.
Ma’lumot uchun, bugun, 21 yanvarga o‘tar kechasi yong‘in sodir bo‘lgan tog‘-chang‘i kurorti dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda, Kerog‘lu tog‘ tizmasida joylashgan bo‘lib, Turkiyadagi muhim dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni mehmonxona talaba va o‘quvchilarning ta’tili sababli 80-90 foiz to‘lgan bo‘lgan.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi mazkur yong‘in oqibatida 66 kishi vafot etgani va 51 kishi tan jarohati olganini ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud emas.
Mehmonxona xodimlaridan biri yong‘in zinapoyasi mavjudligini, lekin u mehmonxonaning ichida, juda mantiqsiz qurilganini aytgan. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yong‘in mehmonxona kompleksining restoran qismida boshlangani xabar qilingandi. Qutqaruvchilar dam oluvchilarni evakuatsiya qilgan va ular kurortdagi to‘rtta mehmonxonaga joylashtirilgan.
LiveBarchasi