Turkiyadagi yong‘in qurbonlari orasida o‘zbekistonliklar yo‘q – Bosh konsulxona
Olam
−
21 yanvar
1901Turkiyaning Bolu viloyatida joylashgan kurort maskandagi mehmonxonada bugun, 21 yanvarga o‘tar kechasi yuz bergan yong‘in oqibatida o‘zbekistonliklar jabrlanmagan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi mazkur yong‘in oqibatida 66 kishi vafot etgani va 51 kishi tan jarohati olganini ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud emas.
Ma’lumot uchun, tog‘-chang‘i kurorti dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda, Kerog‘lu tog‘ tizmasida joylashgan bo‘lib, Turkiyadagi muhim dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni mehmonxona talaba va o‘quvchilarning ta’tili sababli 80-90 foiz to‘lgan bo‘lgan.
Mehmonxona xodimlaridan biri yong‘in zinapoyasi mavjudligini, lekin u mehmonxonaning ichida, juda mantiqsiz qurilganini aytgan. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yong‘in mehmonxona kompleksining restoran qismida boshlangani xabar qilingandi. Qutqaruvchilar dam oluvchilarni evakuatsiya qilgan va ular kurortdagi to‘rtta mehmonxonaga joylashtirilgan.
LiveBarchasi