Mirziyoyev Koshtaga telefon qildi
Jamiyat
−
23 yanvar
5619Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 23 yanvar kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Prezidenti Antoniu Koshtani Yevropa Kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasibagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani va barcha ustuvor yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ma’lumot uchun, turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda. 2024 yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi. O‘tgan yili o‘ta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi. Transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, «yashil» iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida”gi bitimning tez fursatda imzolanishi o‘zaro munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston yetakchisi va Yevrokengash rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.
LiveBarchasi