2025 yilda 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi
Jamiyat
−
22 yanvar
6196O‘zbekistonda 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 22 yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishish jarayonida ma’lum qilindi.
Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi. Yig‘ilishda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.
Taqdimotda mutasaddilar amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berdi. Qayd etilishicha, bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari top-300 universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Oliygohlarda “Registrator ofisi” xizmatlari bilan talabalar to‘liq qamrab olinadi. Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.
Oliy ta’limda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilg‘or muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgani, lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab olmayotgani aytildi. Shu bois doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning drayver sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi