Tanilish uchun chorrahadan dumalab o‘tmoqchi bo‘lganlar qamaldi
3-sahifa
−
15 fevral
6853Toshkentda piyodalar o‘tish joyidan stretch plyonkalarga o‘ralgan holda dumalab o‘tgan yigitlarga chora ko‘rildi. Bu haqda “Millar“ dasturida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida sodir bo‘lgan. 2004 yilda tug‘ilgan 3 nafar yigit bu harakatlarini shart sifatida bajarganini bildirdi. Ular odam gavjum joydan tanasini butunlay stretch plyonka bilan o‘ragan holda o‘tishga kelishgan. Ular mazkur jarayon tasvirlangan videoni internetga joylab, tanilishni maqsad qilgan.
“Men shu shartni menga bergin, deb iltimos qilganman. Bilardim, maqsad tanilish, shu orqali internetga chiqib ketish edi. Yashil [chiroq]da tez o‘tib olaman degandim”, deydi yigitlardan biri.
Uning sherigi esa jarayonni boshidan oxirigacha video olib turganini, keyin voqea joyiga YPX xodimlari kelganini aytgan.
“Chilonzorda “probka” ko‘p hozir, o‘ta olmaysan desam, yo‘q, o‘tamiz, dedi. Keyin rozi bo‘ldim va uni stretch plyonka bilan o‘radim”, deya holatni tushuntirdi yigitlardan biri.
Shundan so‘ng, yigitlardan birining otasi farzandining bu ishidan pushaymon ekani, endilikdan uni qattiq nazoratga olishini bildirdi. Yana bir ota yerga yotib, o‘zini xo‘rlagancha video olish, bu orqali mashhur bo‘lishga qarshi ekani va buni o‘g‘liga ham tushuntirganini ta’kidladi va uzr so‘radi.
Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)lari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan va tuman sudiga yuborilgan.
Sud qarori bilan yigitlarga nisbatan 10 sutkadan qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ijtimoiy tarmoqlarda Equinox haydovchisi bo‘lgan yosh yigitning yo‘l qoidalarini buzib harakatlangan videosi tarqalgandi. Videoda yigit “Bekzod akani o‘g‘li bo‘laman, dadam Ichki ishlar vazirligida ishlaydi”, degan edi. Olib borilgan surishtiruvlar davomida ushbu qoidabuzar 2006 yilda tug‘ilgan A.I. bo‘lib, uning otasi hech qanday IIV xodimi emasligi aniqlangan va yigitning onasiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangandi.
Javohir Yo‘ldashov
LiveBarchasi