SHKTR prezidenti O‘zbekistonda uchrashuvlar o‘tkazdi. U IHTga qo‘shilgani aytilmoqda
Olam
−
09 noyabr 2023
8930Avvalroq tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar O‘zbekistonga kelgani haqida xabar bergan edik. Tashrifi rasmiy manbalar tomonidan ochiqlanmagan Ersin Tatar Toshkentda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashdi.
E’tiborli jihati shundaki, tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti idorasi tomonidan Ersin Tatarning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgani haqida tarqatilgan xabarda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkentda o‘tayotgan 16-sammitida kuzatuvchi maqomida ishtirok etayotgani aytilgan.
Shuningdek, Tatar Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar bilan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni muhokama qilgan.
Tatar, Pokiston Bosh vaziriga Kipr muammosining tarixi va muzokara jarayonlari haqida ma’lumot berib, Kipr turk xalqiga nisbatan qo‘yilgan adolatsiz embargolarni izohlagan. Shimoliy Kipr Turk Respublikasida qardosh Pokistonning 10 mingga yaqin fuqarosi yashayotganini eslatgan va Pokiston bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish istaklarini ifoda etgan.
Kiprda muammoning yechimi faqat ikki davlat tamoyili asosida amalga oshirilishi mumkinligini ifoda etgan Tatar, buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti va aloqaga chiqqan barcha rasmiylarga tushuntirganini qayd etgan.
U Kipr turk xalqining orolda teng huquqli xalq ekanligini, lekin Yevropa Ittifoqining Kipr rumlarini yakka a’zo sifatida haqsiz qabul qilganini va ikki davlatning hamkorligiga asoslangan yechimning eng yaxshi yechim bo‘lishini aytgan.
G‘azoda sodir bo‘lgan voqealarning Kipr turk xalqi boshidan kechirgan hujum va qirg‘inlarga o‘xshash ekanini tilga olgan Tatar, bu hujumlar o‘tmishni eslatganini, bolalar o‘ldirilgan hujumlarning nihoyasiga yetishidan umidvorligini bildirgan.
Pokiston Bosh vaziri Kakar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasining IHTda ishtirokini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Shuningdek, Tatar, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashuvda SHKTR IHT bilan aloqalarini rivojlantirishni xohlayotganini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy Ersin Tatarga yuzlanib, Kipr turk xalqining muammo va talablarini yaqindan bilishini va xalqaro aloqalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan.
Noziriy, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining IHT yig‘ilishlarida kuzatuvchi maqomi bilan ishtirok etishidan mamnunligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun kecha, 8 noyabr kuni Toshkentga keldi. Uning tashrifi haqida O‘zbekistondagi rasmiy manbalarda axborot berilmadi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasi tomonidan IHT sammiti haqida tarqatilgan rasmiy axborotda Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan vakil ishtirok etishi haqida so‘z bormagan.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, joriy yilning 2-3 noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammitida ishtirok etgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z an’anasiga sodiq qolib, sammitdagi nutqida, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, uning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga ham kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini TDTning boshqa liderlari qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan edi.
Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammiti yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan imzolangan deklaratsiyada turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida kuzatuvchi maqomi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi qayd etilgan.
Bir-birini rad etuvchi bayonotlar
TDTning 2022 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqdi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.
Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.
Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi.
“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi.
Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Norov.
Biroq, ommaviy axborot vositalari Vladimir Norovning bayonotidan qoniqish hosil qilgani yo‘q. Ayniqsa, xorijiy media allaqachon Turkiy Davlatlar Tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga zid ravishda tan olishda ayblamoqda.
Gretsiya esa Shimoliy Kipr haqidagi bayonotlarni allaqachon qoralashga tushdi.
Gretsiya Turkiya rasmiylarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomi berilishi haqidagi bayonotlarini qoralaydi. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi 11 noyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi.
"Biz turk rasmiylarining soxta davlatning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi bayonotlarini qoralaymiz. Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada tegishli xabar tarqatdi. Har qanday psevdodavlat maqomini oshirishga urinish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 541 va 550-sonli rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi hujjatda.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gretsiyaning pozitsiyasi barqaror va o‘zgarmasdir.
“Biz Kipr muammosining BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslanadigan va Yevropa qonunchiligiga mos keladigan adolatli va barqaror yechimga erishish, ya’ni ikki jamoali, ikki hududli federatsiya tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidladi vazirlik.
Barcha tortishuvlarga qaramay, bugungi kunda Turkiy Davlatlar Tashkilotining Istanbuldagi qarorgohida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar bayroqlari qatorida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bayrog‘i ham hilpirab turibdi. Tan olinmagan ushbu respublikaning rahbari Ersin Tatar esa joriy yilning mart oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan TDT davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etdi.
Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
LiveBarchasi