Japarov tan olinmagan davlat prezidenti bilan uchrashdi

Olam

image

Turkiyadan bo‘lak hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar kecha, 4 dekabr kuni Qirg‘iztonga kelib, Bishkekda Prezident Sadir Japarov bilan ko‘rishdi. Bu haqda Japarovning matbuot kotibi Asqat Alagozov Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi. 

Muzokaralar yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda bo‘lib o‘tgan. 

Ersin Tatar uchrashuv yakunlarini sharhlar ekan, uning samimiy muhitda o‘tganini qayd etgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, u hamkasbiga Kipr muammosining bugungi holati va uni ikki davlat tamoyili asosida hal etish yo‘llari haqida ma’lumot bergan. 

Shimoliy Kipr prezidenti Qirg‘izistonga tashrifini “juda muvaffaqiyatli” deb ta’riflagan. 

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u Qirg‘iziston tomonini Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga chaqirgan. 

Ersin Tatar, Qirg‘iziston Prezidentining bir necha yil avval Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga tashrif buyurganini va Kipr masalasi va kiprlik turklar duch kelgan adolatsiz munosabatni yaxshi bilganini qayd etgan. 

Ma’lumot uchun, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Qirg‘iziston tomonidan davlat sifatida tan olinmagan. Biroq ayni vaqtda SHKTR Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. 

Uchrashuvda Japarov bo‘yinbog‘siz va yengil libosda bo‘lgani, bu uchrashuv rasmiy ruhga ega emasligini anglatadi. 

Bir-birini rad etuvchi bayonotlar

TDTning 2022 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqdi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. 

“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.

Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.

Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi. 

“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi.

Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Norov.

Biroq, ommaviy axborot vositalari Vladimir Norovning bayonotidan qoniqish hosil qilgani yo‘q. Ayniqsa, xorijiy media allaqachon Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga zid ravishda tan olishda ayblamoqda. 

Gretsiya esa Shimoliy Kipr haqidagi bayonotlarni allaqachon qoralashga tushdi. 

Gretsiya Turkiya rasmiylarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomi berilishi haqidagi bayonotlarini qoralaydi. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi 11 noyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi. 

"Biz turk rasmiylarining soxta davlatning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi bayonotlarini qoralaymiz. Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada tegishli xabar tarqatdi. Har qanday psevdodavlat maqomini oshirishga urinish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 541 va 550-sonli rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi hujjatda. 

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gretsiyaning pozitsiyasi barqaror va o‘zgarmasdir.  

“Biz Kipr muammosining BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslanadigan va Yevropa qonunchiligiga mos keladigan adolatli va barqaror yechimga erishish, ya’ni ikki jamoali, ikki hududli federatsiya tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidladi vazirlik.

Barcha tortishuvlarga qaramay, bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkilotining Istanbuldagi qarorgohida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar bayroqlari qatorida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bayrog‘i ham hilpirab turibdi. Tan olinmagan ushbu respublikaning rahbari Ersin Tatar esa joriy yilning mart oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan TDT davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etdi. 

IHTga yo‘l

Joriy yilning 2-3 noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammitida ishtirok etgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z an’anasiga sodiq qolib, sammitdagi nutqida, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, uning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga ham kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini TDTning boshqa liderlari qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan edi.

“Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi bo‘lgan Kipr turklari bilan birdamlikda harakat qilish bizning farzimizdir. Keyingi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham qaror qilganimizdek kuzatuvchi a’zo sifatida oramizda ko‘rishimizga ishonaman. Men bu boradagi zukko rahbarligingizga ishonaman”, degan Erdo‘g‘an.

Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammiti yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan imzolangan deklaratsiyada turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida kuzatuvchi maqomi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

9 noyabr kuni Toshkent Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammitiga mezbonlik qildi. Unda ishtirok etish uchun SHKTR prezidenti Ersin Tatar Toshkentga keldi, sammitda ishtirok etdi ham. Faqat u boshqa Prezidentlar bilan bir stolda emas, balki orqa qatordan o‘rin oldi. Sammit o‘tkazilgan joyda SHKTRning bayrog‘i ko‘rinmadi. Ersin Tatar Toshkentda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlar haqida tomonlar bergan rasmiy axborotlarda SHKTRning IHTda kuzatuvchi maqomini olgani aytildi.

Kipr muammosi

Gap shundaki, Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Ersin Tatar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing