Markaziy Osiyo davlatlari Turkiyaning yuziga tarsaki urdimi? SHKTR tan olinmaydi
Jamiyat
−
15 aprel
18425Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslikka kelishib oldi. Bu joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida qabul qilingan deklaratsiyada o‘z ifodasini topgan.
Gap shundaki, sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.
“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyiladi bayonotning aynan 4-bandida.
541 va 550 rezolyutsiyalar nima haqida?
Shu o‘rinda bayonotda raqamlar bilan yashirishga urinilgan BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalariga e’tibor qaratsak.
Bu BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan 1983 yil 18 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiya bo‘lib, uni 13 davlat yoqlab ovoz bergan, Pokiston qarshi chiqqan, Iordaniya esa betaraf qolgan. Qarorda barcha davlatlar “Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va bloklarga qo‘shilmasligini hurmat qilishga” hamda orolda Kipr Respublikasi hukumatidan boshqa hukumatni tan olmaslikka chaqirilgan. Bu rezolyutsiya 1983 yil 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqillik e’lon qilinishiga javob tariqasida qabul qilingan.
550-rezolyutsiyaga kelsak, u 1984 yil 11 mayda 13 davlat tomonidan ma’qullangan. Pokiston qarshi ovoz bergan, AQSH esa betaraf qolgan. Unda shunday deyilgan:
“Turkiya va Kipr turk rahbariyati o‘rtasida elchilar almashinuvi deb atalmish barcha separatistik harakatlarni qoralaydi, ularni noqonuniy va haqiqiy emas deb e’lon qiladi va ulardan zudlik bilan voz kechishga chaqiradi;
barcha davlatlarni separatistik harakatlar oqibatida tuzilgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi deb atalmish davlatni tan olmaslikka, hamkorlik qilmaslikka va yuqorida ko‘rsatilgan separatistik tuzilmaga hech qanday yordam ko‘rsatmaslikka yana bir bor chaqiradi;
barcha davlatlarni Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, birligi va qo‘shilmaslik siyosatini hurmat qilishga chaqiradi;
Varoshaning (Kiprning Famagusta shahridagi kvartal — tahr.) istalgan qismini uning rezidenti bo‘lmagan shaxslar tomonidan joylashtirishga urinishlarini nomaqbul deb hisoblaydi va bu hududni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’muriyatiga topshirishga chaqiradi”.
Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasining huquqiy maqomi
Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentni saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
LiveBarchasi