Hozir eng oqilona ish – Istanbulni butunlay tark etish – seysmolog
Olam
−
23 aprel 16380 2 daqiqa
Bugun, 23 aprel kuni Marmar dengizida ro‘y bergan va Istanbulda 6,2 magnitudali zilzilani keltirib chiqargan yer silkinishi ortidan turkiyalik seysmolog olim, professor Jalol Shengo‘r Istanbulni tark etishga chaqirmoqda. Bu haqda u zilziladan so‘ng bergan bayonotida so‘z ochdi.
“Istanbul to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf markazida. Yillardir kerakli choralar ko‘rilmadi. Endi vaqt qolmadi. Hozir qilinadigan eng oqilona ish – Istanbuldan butunlay ko‘chib ketishdir”, dedi u.
Uning fikricha, bu shaharga sayohat qilish ham hozirda nihoyatda xavfli. Shengo‘r zilzila, ayniqsa, Istanbuldagi eski inshootlarga katta xavf solayotganini alohida qayd etgan.
“Bu binolar ehtimoliy kuchli zilzilada og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, dedi u.
Mutaxassislar esa fuqarolarga zilzila sumkasini tayyorlab qo‘yish va favqulodda vaziyatlar rejasini ko‘zdan kechirish zarurligini eslatmoqda.
Turkiya FVV huzuridagi Falokat va favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) zilzila oqibatida inson vafoti bilan bog‘liq talafot kuzatilmaganini, biroq ayrim hududlardagi binolarda zarar yetganini ma’lum qildi. Qandilli observatoriyasi esa silkinishlar yana bir muddat davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Turkiyada bir necha bor katta talafotlar va qurbonlarga sabab bo‘lgan zilzilalar yuz berdi. Seysmologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Turkiyada 70 mingdan ortiq yer silkinishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, mahalliy mutaxassislarning fikricha, Antaliya kurortlari va u yerga boradigan sayyohlar ham xavf ostida. Ular bu orqali hukumatni yaqinlashib kelayotgan zilzila xavfi haqida ogohlantirmoqda.
Masalan, mashhur zilzila bashoratchisi, turk geologiya professori Nasi Go‘ryur ham tegishli bayonot berdi.
“Antaliyada 7 ball kuchiga teng zilzila sodir bo‘ladi – bu deyarli muqarrar. Antaliya hududida joylashgan to‘rtta muhim geologik yoriq tizimi mavjud. Ularning har biri 7 ball va undan kuchli zilzilalarni yuzaga keltira oladi. Shahar seysmik barqaror bo‘lishi shart”, degan u.
Yana bir zilzila bo‘yicha mutaxassis Botirxon O‘g‘yut esa Antaliyada sunamining ham yuz berishini bashorat qildi. U 7,4 ball kuchidagi zilzila haqida gapirib, bu holda 2,5 metr balandlikdagi sunami to‘lqini Konyaalta plyajiga urilishi mumkin, deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisa “istalgan vaqtda yoki kelgusi 10 yil ichida” sodir bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu zilzila paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida jabrlanganlar haqida ma’lumot mavjud emas.