Istanbulda 4 mln aholi zilzila sabab o‘limga yuzlanib turibdi – seysmolog

Olam

image

Marmar dengizi hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila oqibatida qariyb 4 million kishining hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Ushbu hududda joylashgan Istanbul shahrida esa 16 million kishi yashaydi. Bu haqda Turkiyaning yetakchi seysmologi Naji Go‘ryur ma’lum qildi.

“Megapolisning to‘rt millionga yaqin aholisi mumkin bo‘lgan zilzila oldida o‘limga yuzma-yuz kelmoqda. Moddiy yo‘qotishlarni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Istanbuldagi eng nufuzli muassasalar ham shahardagi binolarning 60 foizdan ortig‘i zilzilalarga chidamli emasligini da’vo qilmoqda. Istanbuldagi zilzila bizni cho‘ktiradi, hazillashmayapman. Marmar dengizi mintaqasi qulab tushsa, butun Turkiya tiz cho‘kadi”, deydi Go‘ryur. 

Shuningdek, Go‘ryur so‘nggi o‘n yil davomida Marmar dengizi hududidagi tektonik yorilishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tadqiqotlar Italiya va Fransiyaning seysmik kemalari bilan dunyodagi eng ilg‘or olimlar hamkorligida amalga oshirilgan.

“Shimoliy Anatoliya yoriqlar tarmog‘ining shimoliy qismi Marmar dengizi orqali o‘tadi. Bir tarmoq Shahzoda orollarining janubida joylashgan bo‘lib, biz uni orol yorilishi deb ataymiz. Ikkinchisi esa Kumburgaz yorilishi bo‘lib, Yeshilko‘ydan Silivrigacha cho‘ziladi. Biz bu ikki yorilish bloklanganini va ularda energiya to‘planayotganini aniqladik. Yorilishlarning buzilishiga to‘sqinlik qilayotgan ishqalanish kuchi mavjud. Bu to‘siq bartaraf etilgan zahotiyoq zilzila sodir bo‘ladi”, dedi olim. 

Seysmologlarning baholashicha, magnitudasi 7 yoki undan yuqori bo‘lgan zilzilada taxminan 90 ming bino vayron bo‘ladi, 260 ming bino shikastlanib, yashash uchun yaroqsiz holga keladi. 4,5 million odam vaqtinchalik boshpanaga muhtoj bo‘ladi. Bu kabi ma’lumotlar aholi o‘rtasida xabardorlikni oshirish va seysmik jihatdan chidamli infratuzilmani yaratish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum agar Istanbulda zilzila sodir bo‘lsa, dastlabki daqiqalarida olti yuz ming uy qulash xavfi ostida qolishini va taxminan 2,5 million kishi jiddiy xavf ostida yashayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

zilzila Istambul

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing